2020-yil Belarusdagi ilk davomiy ommaviy namoyishlar bilan esda qoladigan bo’ldi. Avgust boshida o’tgan prezident saylovlarida Aleksandr Lukashenkoning 80 foiz ovoz to’plaganini qalloblik natijasi deb ko’rgan xalq ko’chaga chiqib, shundan beri har yakshanba saylov natijasiga qarshi namoyish qilmoqda, Lukashenkoni iste’foga chaqirmoqda.
Ba’zi tahlilchilar nazarida, ko’cha namoyishlaridan ko’ra Rossiya rahbariyatining bosimi Lukashenko hokimiyatiga chek qo’yish mumkin.
“Putin Lukashenkoning siyosiy yulduzi so’nib borayotganini ko’rmoqda. Belarusda siyosiy o’zgarishlar yuz beryapti va Kremlning maqsadi ularni to’xtatish emas, balki o’zi uchun zararini kamaytirish, nazoratga ola bilish”, - deydi siyosatshunos Andrey Kortunov.
Moskvaning bosimi Minskka Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov tashrifidan so’ng ko’zga tashlandi. Lukashenko davlat matbuoti bilan suhbatda yangi konstitutsiya qabul qilinishi ketidan prezidentlikdan ketishini ma’lum qildi.
Belarusdagi davlat korxonalari ishlab chiqarayotgan mahsulotlarning katta qismi Rossiyaga eksport qilinadi, busiz minglab odam ishsiz qolishi mumkin. Belarusning iqtisodiy tobeligi Kreml uchun Lukashenkoga o’z so’zini o’tkazishda asosiy quroldir.
Lukashenko tarafdorlari ikki mamlakat o’rtasidagi iqtisodiy aloqalar unga hokimiyatda uzoqroq qolishga imkon berishiga umid qilmoqda, ammo ba’zilar bunday tobelik Belarus suvereniteti hisobiga bo’lishidan xavotirda.
“Rossiyada, ayniqsa yoqilg’i va energetika sanoati ikki davlat o’rtasidagi integratsiyani haqiqiy bosim va o’z qarashlarining diktati deb biladi. Ba’zilar nazarida, Belarus Rossiya talablarini bajarish bilan cheklanishi kerak”, - deydi siyosatshunos Pyotr Petrovskiy.
2020-yil tugab borarkan, namoyishchilar keyingi yilni yangi konstitutsiya bilan, ammo Lukashenkosiz o’tkazishga umid qilmoqda.
Facebook Forum