Vashingtonda hamma boradigan restoran

  • Amerika Ovozi

"Ben's Chili Bowl" restorani yonida

"Fast food" – tez ovqat. Bunday yeguliklarni keng ko’lamda sotish ilk bor Amerikada biznesga aylangan va bugunga kelib, global bozordir. Vashingtonda “Ben’s Chili Bowl” degan oshxona bor. Tarixiy maskan. Prezidentlardan tortib, uysiz amerikaliklargacha – u yerdan hammani topasiz. Oilaviy biznes. Yiliga millionlab odamning qornini to’ydiradi.

“Ben’s Chili Bowl” haqida hech kimdan yomon gap eshitmaysiz. Mazali, arzon ovqatlar makoni. Hatto chet eldan kelishadi. Bo’sh stol topish qiyin. Soatlab navbatda turasiz.

“Shu ko’chada o’sganman. Shu mahallada o’qiganman. Jonu dilim bu yerlar. Yoshligim shu yer bilan bog’liq. Haliyam kelib turaman. Achchiq ovqatlari, xotdoglari va ichimliklari yoqadi”, - deydi Barbara Kobart ismli amerikalik.

Restoran egasi 84 yoshli Virjiniya Ali. Eri Ben bilan oshxonani 59 yil oldin ochgan. U paytda bu yerlarda faqat qora tanlilar yashar edi. Irqchilikka qarshi kurashgan Martin Lyuter King 1968-yilda o’ldirilganida katta to’polonlarni boshdan kechirgan.

“G’azab va nafrat hukmron davrlar edi. Yoshlar buzg’unchilikka berilgan. Binolarni vayron qilishgan. Juda qiyin paytlar edi. Uch kunlab ko’chaga chiqa olmaganmiz. Ko’chalar urush maydoniga aylangan edi. Lekin bizning oshxona o’shanda ham yopilmagan”, - deydi Virjiniya Ali.

Biroq to’polonlar ketidan tirikchilik qiyinlashib, odamlar restoranlarga bormay qo’ydi. 1980-yillarda esa Vashington qoradoriga mukkasidan ketdi.

“20 yil davomida bu mahalla getto edi. Ya’ni qashshoqlar yashaydigan, boshqalar kelishga qo’rqadigan vayrona. Biz umidni boy bermadik. Aholining ishonchini qozondik. Qiyinchiliklarga bardosh berdik. Odamlarning qadami uzilmadi. Mahalliy aholi deysizmi, yoshlar deysizmi, hamma bizning mijozimiz. Ishchilar ishdan keyin to’g’ri oshxonamizga kelishadi.Tartibsizliklarga qarshi kurashdik. Qoidalarni joriy etish oson bo’lmadi. Odamlarga oilamiz vakilidek muomala qilamiz”.

Bunday munosabat samara berib, vaziyat yaxshilandi. 1990-yillarda mahalla rivojlana boshladi.

“Ben’s Chili Bowl” shuhrat qozondi. Yurtning taniqli insonlari kelib ovqatlanar ekan, restoranning dovrug’i taralib, xo’randalar ko’paydi. Prezidentlar, ularning oilalari, hatto xorijiy rahbarlar ham shu yerda bir bor ovqatlansam deydi. Oilaviy bizneslarni boshqarish oson emas, deydi Virjiniya Ali. Hozirda ishni asosan uning kelini Vida qiladi. Sabr-toqat kerak ekan, deydi u.

“Yarim asrlik faoliyatimizni nishonlar ekanmiz, nufuzimiz qanchalik yuqori ekanini anglab yetdim. Axborot vositalari biz bilan suhbatlashar ekan, bizni nima ushlab turgani, bu bir buyuk meros va qudrat ekanini tushundim. O’shanda o’zimga so’z berdim: bu oshxonani asrab avaylash - hayotiy maqsadim. Bu faqat biznes emas. Bu - el suyanadigan jamoat markazi. Jamiyatimiz qadriyatlarini aks ettiradigan, turli insonlar bir joyga to’planadigan dargoh. Buni hamma ham qadrlamaydi”, - deydi Vida.

“Ben’s Chili Bowl” daromadning katta qismini xayriya qiladi. Turli tashkilotlar orqali beg’araz yordam ko’rsatadi. 60 yilligini nishonlash arafasida ekan, oshxona yanada gavjum.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG