Breaking News

AQShda bepul o’qitadigan kollejlar


Berea kollejida studentlar ham ishlab, ham o'qiydi
Berea kollejida studentlar ham ishlab, ham o'qiydi

Amerikada iqtisodiy tanazzul asoratlarini ta’lim sohasida ham ko’rish mumkin. O’qish pulini to’lolmay qolgan talabalar ko'p.

Bu davlatda student ko’p hollarda bankdan o’rtacha 24 ming dollar qarz oladi. Uning foizi bor.

Statistikaga ko’ra, talabalarning 14 foizi pulni qaytarishga, oylik to’lovlarni vaqtida yetkazishga qiynaladi.

Biroq shunday oliygohlar borki, pul deb bolaning boshi og’rimaydi.

Berea kollejida (Berea College) juma kungi darslar ketayapti. Amerikaning boshqa shtatlaridagi ta’lim dargohlaridan hech farq qilmaydiganday. Lekin tafovut bor.

Bereada to’rt yillik o’qish bahosi 100 ming dollar, biroq bolalar pul o’tkazishi shartmas.

Studentlar kollejda ishlab, o’qish xarajatini qoplaydi. Talabaning qo’lidan nima kelishiga qarab yumush bor.

AQShda bepul o’qitadigan kollejlar
AQShda bepul o’qitadigan kollejlar

Deylik, Jeyn Tonello haftada ham o’qib, chamasi 10 soat ishlaydi. Tikish-bichishga usta, mehnat namunalarini kollejdagi do’konda sayyohlarga sotadi.

Tonello bitirish arafasida, hech kimdan qarzi yo’q.

“Ko’nglim joyida. Kollejni tugatib, bemalol ishga o’rnashaman. Uni-buni to’lashim kerak deb boshim og’rimaydi. Boshqalarning holini ko’rib yuribman”, - deydi student.

Jeyn Tonello doktor bo’lmoqchi, kuzda tibbiyot bilim yurtiga kirish niyatida. To’quvchilik vrachlikka aloqasi yo’qday ko’rinadi, talaba qiz bu fikrga qo’shilmaydi. Misol uchun:

“Shifokor bemor bilan muomala qilishi, uning ko’ngliga yo’l topa bilishi kerak. To’quvchi esa mijoz bilan. Vaqtni to’g’ri tejash, sabr-toqat va diqqat ham muhim xislatlar”.

Ishga yollayotgan kompaniya, idoralar ham muomalali, qunt bilan ishlaydigan odamlarni qidiradi, deydi kollej dekani Deyvid Tipton.

“Talabaning kirishimli, tashabbuskor bo’lishi, javobgarlikni his qilishi, darslarga qoldirmay qatnashi, kechikmasligi muhim. Kompaniyalar mana shunday odamlarni ishga oladi. Har kim bilan chiqisha olib, har xil muhitda ishlab keta olsa, odamning ishlari baroridan keladi”, - deydi dekan.

AQShda bepul o’qitadigan kollejlar
AQShda bepul o’qitadigan kollejlar

Berea Kolleji endi ishga tushgan 1850 yillarda Kentukki shtati ahli asosan fermerlik qilib kun ko’rardi. Ta’lim dargohi oilalar farzandlari oldida boshqa imkoniyalarni ochib berdi.

Puli yo’q bolalar tekinga bilim oldi. Bugun studentlar ham o’qib, ham ishlashni o’rganmoqda.

“Hozirgi talabalarning aksariyati hech yerda ishlab ko’rmagan. Kollejimizda esa o’zlarini sinab ko’rishadi. Har holda hech narsani bilmay turib, mehnat bozoriga tushib qolgandan shunisi afzal”, - deydi maskan dekani.

Talaba o’g’il-qizlar har xil yumushlar bilan shug’ullanadi. Ta’mir-remontdan tortib, kollejda savdo-sotiqqacha.

Ular uchun 100 dan ziyod kasb-ish o’rni yaratilgan, to’qish, tikish-bichish, duradgorlik, naqqoshlik ana shular jumlasidan.

Berea ish taklif qiluvchi, shunga ixtisoslashgan kamdan-kam kollejlardan biridir. Shu xildagi yana olti ilm dargohi bor. Boshqa maskanlar ham undan o’rnak ola boshlagan.

“Odamga bilim berish juda murakkab jarayon. Ta’lim nafaqat ilm-fan, akademik ma’lumotni, balki amaliy mehnatni, kasbni ham nazarda tutadi. Bundan tashqari, ruhiy ta’lim ham bor – bolaga ilhom berish kerak”.

Talabalar o’qish va ish o’rtasida muvozanat topganday. Kasb-hunar bolalarni chalg’itadi, jindak dam beradi.

“Kitoblardan, raqam va formulalardan sal dam olganim yaxshi. Jismoniy mehnatdan tanim yayraydi. Masalan to’qish bilan band ekanman, miyam erkin nafas olganday, tinchiganday bo’ladi”, - deydi Jeyn Tonello.

Amerikadagi boshqa ta’lim dargohlari Berea kollejidan namuna olishi mumkin.

Jorjtaun Universiteti o’tkazgan so’rov natijalariga ko’ra, mamlakat oliy ta’lim maskanlari bolaga amaliy bilim, ko’nikma berishning uddasidan chiqa olmayapti. Studentlar kasbiy faoliyatga tayyor emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG