Breaking News

Biden COVID-19 ga qarshi yangi qoidalarni e'lon qildi


AQSh koronavirusning o’ta yuqumli delta shtammi bilan olishishda davom etarkan, Prezident Jo Bayden pandemiyaga barham berish maqsadida yirik kompaniyalar xodimlari, federal xizmatchilar va tibbiy mutaxassislar uchun emlanishga doir yangi qoidalarni e’lon qildi.

Xalqaro hayot – 10-sentabr, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:12:59 0:00

“Mehnat vazirligi 100 va undan ko’p ishchilari bo’lgan idora va tashkilotlar uchun favqulodda qoida ishlab chiqmoqda. Ularning xizmatchilari to’liq emlanishi yoki har hafta test topshirib, salbiy natija taqdim etishi kerak bo’ladi”, - dedi Bayden.

Qoidadan bo’yin tovlaganlar uchun 14 ming dollargacha jarima ko’zda tutilgan. Epidemiologlar bunday yondashuvni olqishlamoqda.

“COVIDga qarshi kurash boshlanganiga ko’p bo’ldi. Avval ixtiyoriy ravishda vaksina olishga hozir ko’ngillilar armiyasi bo’ldi. Ammo delta paydo bo’lib, dushman hujumga o’tdi. Endi esa majburiy chaqiriqni joriy etishga to’g’ri kelyapti. Hamma vaksina olishi kerak”, - deydi Vanderbilt universitetining Tibbiyot fakulteti professori Uilyam Shaffner.

Bayden e’lon qilgan so’nggi rejaga ko’ra, taxminan 100 million odam emlanishi kutilmoqda. Ammo majburan emlatish, deydi ba’zilar, konstitutsiyaga zid bo’lib, jamiyatni bo’lib qo’yishi mumkin.

“Bayden bu bilan Amerika ishchilari va tadbirkorlarini o’ziga qarshi qaratib qo’ydi”, - deydi “FreedomWorks” tashkilotidan Piter Vichenzi.

Bayden maktablarni yopmoqchi emas, koronavirusga testlarni oshirib, niqob taqishni majburiy qilmoqchi va bu choralar natijasida iqtisodiy tiklanishni saqlab qolishga harakat qilmoqda; COVID-19 bemorlariga g’amxo’rlikni yaxshilab, qo’shimcha vaksina olishni tavsiya qilyapti.

“Buning uchun yetarlicha vaksina sotib olganmiz. Ta’minot tizimi yo’lga qo’yilgan. Vaksinalar tasdiqdan o’tishi bilan uni olishga muvofiq topilganlarga taklif etiladi”, - dedi Bayden.

Jahon sog’Iiqni saqlash tashkiloti emlash sur’ati past bo’lgan mamlakatlarda imkon qadar ko’p aholi emlanmaguncha qo’shimcha vaksinalarni yoki “buster”larni yil oxirigacha bermay turishni tavsiya qilmoqda.

Oq uy AQSh vaksinalarni xorijga xayriya qilishga ham, o’z aholisiga qo’shimchasini berishga ham qurbi yetishini bildirmoqda.

“Gap har ikkisini uddalashda emas. Axir AQShda vaksina yoki “buster” olgan har bir odamga boshqa mamlakatda birinchi yoki ikkinchi dozani olmaydigan odam to’g’ri keladi”, - deydi faol Jenni Ottenxof.

Baydenga ko’ra, Qo’shma Shtatlar 90 mamlakatga vaksinaning 140 million dozasini xayriya qilgan va keyingi oy xayriya kampaniyasi davom ettiriladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG