Breaking News

Jozef Bayden AQShning 46-prezidenti sifatida qasamyod keltirdi


Bugun AQSh poytaxti Vashingtonda yangi prezident qasamyod keltirdi. Kelasi 4 yilda Amerikani Demokratik partiya vakili Jo Bayden boshqaradi. Baydenga mag’lub bo’lgan Donald Tramp saylovda ovozlar soxtalashtirilganiga ishora qilarkan, yengilganini tan olmadi, bugungi inauguratsiya marosimida qatnashmadi.

Xalqaro hayot – 20-yanvar, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:03 0:00

Seshanba kuni Tramp prezident lavozimida so’nggi bor xalqqa murojaat qildi. U muvaffaqiyatlari haqida gapirarkan, 4 yilda birorta yangi urush boshlamaganiga urg’u berdi.

“Mamlakatimizni dahshatli pandemiya urganida qisqa muddatda bir emas, ikkita vaksina yaratishga muvaffaq bo’ldik, tez orada yana yaratamiz. Hamma buning iloji yo’q deb aytgan edi, ammo biz natijaga erishdik. Endi esa buni tibbiy mo’jiza deb atashyapti. Boshqa ma’muriyatga buning uchun 3, 4, 5, balki 10 yil vaqt ketardi. Biz esa bu ishni 9 oyda uddaladik”, - dedi Tramp.

Tramp qasamyod marosimini boykot qilgan ilk prezident sifatida tarixga kirmoqda. U bugun hatto Vashingtonda qolmadi. Oq uyni rafiqasi Melaniya bilan prezident vertolyotida tark etib, prezident sifatida oxirgi marta davlat rahbari samolyotiga chiqib, Floridadagi uyiga ravona bo’ldi.

Oq uyni tark etayotgan rahbar an’anaga ko’ra sudlangan shaxslarni afv etadi. Bir necha hafta oldin bu ishni boshlagan Tramp prezidentligi yakunida yana bir necha kishining qamoq muddatiga barham berdi. Repperlar Lil Ueyn va Kodak Blek shular jumlasidan. Ular qurolga noqonuniy egalik qilish hamda qurol sotib olish uchun yolg’on ma’lumot berishda aybdor topilgan edi.

Tramp, shuningek, Oq uyda unga maslahatchilik qilgan Stiv Bennon hamda 28 yilga qamalgan Detroyt shahar sobiq meri Kveym Kilpatrikni ham afv etdi.

Tramp Kongressda yana bir impichment hamda prezidentlikdan ketganidan so’ng tergovga tortilish ehtimoli bilan yuzlasharkan, o’zi, oilasi a’zolari va advokati Rudi Julianini oldindan afv etmadi.

Trampning so’nggi farmonlari tufayli 140 dan ziyod odam afv etildi yoki ularning qamoq muddati qisqartirildi.

Trampning prezidentlikdan ketishi ayrim davlatlarda turlicha izohlanmoqda. Masalan, Eron Prezidenti Hasan Ruhoniyning aytishicha, Tramp hukumati 4 yilda zulm va korrupsiyadan, o’z xalqi va boshqa mamlakatlarga muammo tug’dirishdan boshqa natija ko’rsatgani yo’q.

“Eronga qarshi maksimal bosim va iqtisodiy terrorizm siyosati, Eron yadro dasturiga doir xalqaro bitimni yo’q qilishga qaratilgan harakatlari muvaffaqiyatsizlikka uchradi. AQShda hokimiyatga kelgan yangi hukumat va rahbarlar bitimga qaytib, undagi majburiyatlarini bajarishi kerak. Shunda Eron ham bitim doirasida ish qiladi”, - dedi Ruhoniy.

Jo Baydenning bugungi qasamyod marosimidan oldin poytaxt Vashingtonda haddan qattiq xavfsizlik choralari ko’rildi. 6-yanvar kuni namoyishchilar Kapitoliyni ishg’ol etishi ketidan AQSh ravedkasi inauguratsiya kuni ham nafaqat Vashingtonda, balki boshqa shtatlarda ham g’alayon bo’lishi ehtimoli haqida ogohlantirgan edi.

Federal qidiruv byurosi mamlakat bo’ylab barcha politsiya boshqarmalariga ogoh bo’lishni buyurdi. Byuro direktori Kristofer Rey federal va shtat hukumatlari binolari, qonunchilar uylari, qonunchilik kengashlari binolariga hujumlar bo’lishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.

Poytaxt Vashingtonda xavfsizlikka bugun Milliy gvardiyaning salkam 25000 askari hamda minglab politsiyachi javob berdi. Federal qidiruv byurosi har bir gvardiyachini oldindan tekshirgani aytilmoqda. Shahar markazidagi ko’plab ko’chalar to’silgan.

Bu o’rtada prezidentlikka saylangan Jo Bayden va vitse-prezidentlikka saylangan Kamala Harris qasamyod marosimidan bir kun oldin koronavirusdan nobud bo’lgan 411 mingdan ziyod amerikalikni xotirladi. AQShda koronavirus yuqtirganlar soni 25 millionga yaqinlashmoqda.

Xotira marosimi seshanba kuni butun mamlakat bo’ylab o’tkazildi. Bayden va Harris Vashingtonda Linkoln yodgorligi oldida nutq so’zladi.

“Biz bir-birimizdan jismonan ajralgan bo’lsak-da, xalq sifatida ruhan birdammiz. Bu sinov bizga oddiy lahzalarni qadrlashni, yangi imkoniyatlarni xayolan tasavvur qilishni, qalbimizni bir-birimizga ochishni o’rgatishiga umid qilaman”, - dedi Harris.

Qurbonlarni xotirlash shifoga yo’ldir, dedi Bayden.

Bugun tongda Bayden va Harris turmush o’rtoqlari bilan Vashingtondagi cherkovda ibodat qildi. Ayrim Kongress a’zolari ham marosimda qatnashdi.

Davlat rahbarlari Oq uyning yangi ma’muriyati bilan hamkorlikka tayyor ekanini bildirmoqda. Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonsonning aytishicha, uning mamlakati Bayden bilan ikki davlat aloqalarini yaxshilashda, iqlim o’zgarishiga qarshi kurashda, pandemiyadan tiklanishda, Transatlantika xavfsizligini kuchaytirishda birga ishlashga tayyor.

Kremlning bildirishicha, Rossiya strategik hujumkor qurollarni qisqartirtishga qaratilgan ikki tomonlama bitim yangilanishiga umid qilmoqda. Tramp ma’muriyati amal muddati fevral oyida tugayotgan shartnoma uzaytirilmasligini bildirgan edi. Bayden hukumatida davlat kotibi lavozimiga nomzodi ko’rsatilgan Entoni Blinkenga ko’ra, yangi ma’muriyat bitimni yangilash tarafdori. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin hujjatni hech bir shartsiz bir yilga uzaytirib, bu davr mobaynida yangi shartlarga muzokara orqali kelishishni taklif etgan.

Baydenning qasamyod marosimida sobiq prezidentlar Bill Klinton, Jorj Bush, Barak Obama hamda Trampning o’rinbosari, vitse-prezident Mayk Pens qatnashdi.

Jo Bayden AQShning 46-prezidenti sifatida qasamyod keltirdi. Barak Obama ma’muriyatida 8 yil vitse-prezidentlik qilgan Bayden 36 yil davomida AQSh Senatida qonunchilik bilan shug’ullandi. 78 yashar Bayden Amerikada prezidentlikka saylangan eng keksa arbobdir.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG