Breaking News

Isroillik va falastinliklar Bayden qanday prezident bo'lishi haqida mulohaza yuritmoqda


Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxuning 2016-yilda (9-mart) AQSh vitse-prezidenti Jo Bayden bilan Quddusdagi uchrashuvi

AQShdagi saylovlarni yaqindan kuzatgan isroilliklarning to’rtdan uch qismi, ommaviy so’rovlarga ko’ra, Donald Trampning g’alaba qozonishini istagan, biroq AQShda yashovchi yahudiylarning to’rtdan uch qismi Jo Baydenga ovoz bergan.

Xalqaro hayot – 11-noyabr, 2020-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:27 0:00

“Tramp Amerika uchun ham, Yaqin Sharq uchun ham yaxshi edi. U Isroil dushmanlariga qarshi qattiq harakat qildi, Isroilga ko’p narsa berdi. Biz G’arbiy Sohilda qurilishlarni davom ettirish imkoniga ega bo’ldik. Obama paytida bunday bo’lmagan edi”, - deydi Yoram Issachar ismli isroillik quruvchi.

Yaqinda Kaliforniyadan Isroilga ko’chib borgan Keri Frid ham saylovlarni qiziqish bilan kuzatgan.

“Nazarimda, Jo Baydenda insoniylik ko’proq, bo’linib qolgan va rahbarlikka muhtoj Amerikani boshqarishda fidoiylik ko’rsatadi. Biroq Falastin masalasida Bayden Isroilga bosim qo’yadi degan xavotir bor. Mintaqadagi muammolarni odamlarning o’zi hal qilishi kerak – isroilliklar va falastinliklar”, - deydi u.

Falastinning Ramalloh shahri aholisi AQShdagi saylov natijalaridan xursand. Falastinliklar Trampni Yaqin Sharq tinchligi masalasida noxolis, Isroil tarafida deb biladi. Biroq Baydendan ham ko’p yordam kutmaymiz, deydi ular.

“Donald Tramp siyosati aniq va ochiq edi. U butun vujudi bilan Isroil tarafida, Isroil istaklarini bajo qilardi. Bayden ham Isroil aytganini qiladi, ammo bu ishni qog’ozga o’rab qiladi”, - deydi Naim Favzi ismli bir odam.

Tramp tashabbusi bilan AQSh elchixonasi Tel-Avivdan Quddusga ko’chirilgan. Falastin Muxtoriyati bu qarorni o’zgartirishni talab qilmoqda, biroq Bayden bunday qilmasligini aytgan. Shu bilan birga, deydi AQShning Isroildagi sobiq elchisi Den Kurser, Bayden Trampning Yaqin Sharq siyosati yo’nalishini o’zgartirishi mumkin.

“Bayden hukumati Tramp ma’muriyatining muammo va tortishuvlarga sabab ayrim siyosati va faoliyatidan voz kechishi mumkin. AQSh elchixonasi Quddusdan ko’chirilmaydi, ammo Falastinning Quddusga da’vosi jonlantirilishi mumkin. Ya’ni Falastin o’z davlatiga ega bo’lganda Sharqiy Quddus uning poytaxti bo’lishi haqidagi da’vo”, - deydi sobiq diplomat.

Isroil AQShning Eron yadro dasturiga doir xalqaro shartnomaga qayta qo’shilishidan xavotirda.

“Bu masala AQSh va Isroil o’rtasida ziddiyatlarga olib kelishi mumkin. Bayden 2015-yilda Obama prezidentligi paytida imzolangan hujjatni yangilash, Eron bilan bitim shartlarini yangidan kelishish niyati haqida gapirgan. Bu dolzarb mavzu bo’lib, uni darhol hal qilish kerak, chunki Eron uranni katta tezlikda boyitishga kirishib, 2015-yil bitim shartlarini buzmoqda”, - deydi isroillik siyosatshunos Eytan Gilboa.

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu Prezident Trampning Eron va Isroil-Falastin masalalariga yondashuvini qo’llab-quvvatlab kelgan. Netanyaxu Baydenni saylovdagi g’alaba bilan tabriklagan bo’lsa-da, bo’lajak prezidentning mazkur masalalarga doir siyosati hali o’zaro ziddiyatlarga sabab bo’lishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG