Breaking News

Bayden Yaqin Sharqda Tramp yutuqlaridan foydalanadimi?


Yaqin Sharq bo’yicha ayrim tahlilchilar nazarida, AQSh saylovlarida g’alaba qozongan Jo Bayden mintaqadagi siyosatini Prezident Donald Tramp erishgan yutuqlar asosida davom ettirishi mumkin, ayniqsa arab-Isroil tinchlik jarayoniga kelganda.

Kuzatuvchilar nazarida, Bayden Fors ko’rfazida inson huquqlari masalasini Trampga qaraganda jiddiyroq qabul qiladi, Saudiya Arabistoniga qurol savdosini qayta ko’rib chiqib, Yamandagi urushni tugatishga harakat qiladi.

Iordaniyalik siyosiy tahlilchi Amir al-Sabaylahning aytishicha, Tramp ma’muriyati Birlashgan Arab Amirliklari, Bahrayn va Sudanni Isroil bilan yarashtirgani mintaqa uchun muhim voqeadir. Biroq ekspert nazarida, Bayden jarayonga falastinliklarni ham jalb qilishga urinadi.

“Erishilgan yutuqlarni ko’paytirish imkoniyatini birorta prezident qo’ldan qochirmas deb o’ylayman. Bayden falastinliklar bilan muloqotni oshiradi, Trampning “Asr kelishuvi”ga ishlov berib, Isroil va Falastinni yaqinlashtirishga harakat qiladi”, - deydi Sabaylah.

Eronning mintaqada harbiy salohiyatini kuchaytirishi, ayrimlar nazarida, Fors ko’rfazidagi arab davlatlarni Isroil bilan aloqalarni normallashtirishga majbur qildi. Missuri davlat universiteti professori Deyvid Romanoning Saudiya Arabistonida chop etiladigan “Arab xabarlari” gazetasiga aytishicha, Eron Obama ma’muriyatining arab dunyosidagi ko’plab noxush oqibatlarini tushunishda muhimdir.

Fors ko’rfazidagi arab davlatlari Eron xulqini jilovlashga qaratilgan va 2015-yilda imzolangan Tehron yadro dasturiga doir bitim bo’yicha muhokamalarga taklif etilmaganidan norozi bo’lgan. Tramp ko’p tomonlama bitimdan 2018-yilda chiqib, Eronga qarshi sanksiyalarni kuchaytirdi.

“Arab davlatlari va Isroil Erondek mushtarak dushmanga qarshi kurash yo’lida yaqinlashishdi. Bayden, shu zahoti bo’lmasa-da, yadroviy bitimning diplomatik merosidan kattaroq foyda olish uchun Erondagi vaziyatdan foydalanish yo’llari ustida o’ylab ko’rishi mumkin”, - deydi Sabaylah.

Germaniyaning Marshall jamg’armasida ilmiy xodim Arian Tabatabayning Dubaydagi “Milliy” gazetaga aytishicha, Bayden AQSh ittifoqchilari bilan birgalikda Eron bo’yicha xalqaro konsensusni tiklashga harakat qiladi. Biroq, deydi ekspert, Eron mintaqadagi siyosati xususida yadroviy bitim doirasida savdolashishga bormaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG