Breaking News

Putin va Bayden yana virtual muloqot qildi


Putin bilan virtual muloqot payti

AQSh va Rossiya rahbarlari so’nggi bir oyda ikkinchi bor virtual muloqot qildi. Oq uyga ko’ra, 50 daqiqalik suhbat paytida Jo Bayden Vladimir Putinni Ukraina chegarasidagi vaziyatni yumshatishga chaqirgan.

Xalqaro hayot - 31-dekabr, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:32 0:00

AQSh tomoniga ko’ra, Rossiya chegarada o’n minglab qo’shin to’plagan.

Bayden ma’muriyatidagi rasmiylarning aytishicha, ikki rahbar jiddiy va ma’noli muloqot qilgan.

AQSh va Rossiya tashqi ishlar vazirlarining o’rinbosarlari yanvar boshida Jenevada Ukraina mavzusi va Rossiyaning xavfsizlik kafolatlari xususida muzokara qiladi.

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy qo’shni mamlakatni hujumga hozirlanayotganlikda ayblarkan, AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Rossiya agressiyasini qaytarishda Ukrainaga yordam va’da qilganini eslatdi.

Kuzatuvchilar Rossiya Ukrainani bosib olishiga ishonmaydi, biroq chegarada provokatsyia yuz berib, urush behosdan yoki ataylab boshlanib ketishidan tashvishda.

“Agar Putin hiylani ishga solayotgan bo’lsa, bu juda jiddiy va murakkab hiyladir, chunki 100 mingdan ortiq qo’shinni band va shay qilib turish zarur, bu qo’shin buyruq berilmaguncha o’zi tashabbus ko’rsatmasligi kerak. Nazarimda, bu har ikki tomon uchun xavf tug'diradigan vaziyat”, - deydi Vashingtondagi Uilson markazidan Vill Pomerans.

Oq uy Rossiya hujumga o’tsa, oqibati yomon bo’lishi, jiddiy iqtisodiy sanksiyalar joriy etilishi haqida bot-bot takrorlagan.

“Putin favqulodda vaziyatni yaratishga usta. E’tibor bergan bo’lsangiz, “Putin urush boshlash arafasida”, “Putin Ukrainani bosib olish arafasida” degan bir xil gaplarni eshityapmiz. Va ko’rinishdan Oq uy bunga ishonmoqda. Men esa ishonmayman, Putin hozir Ukrainaga qo’shin kiritmaydi. Bu Rossiya aholisi uchun bir tomosha, Putin o’yinining bir qismi. U 2024-yilda bo’ladigan saylovgacha bu o’yinni davom ettiradi deb o’ylayman”, - deydi amerikalik yana bir tahlilchi, “Amerika tadbirkorlik instituti”dan Leon Aron.

Rossiya prezidentining yordamchisi Yuriy Ushakovning aytishicha, Putin Bayden bilan virtual suhbat chog’ida Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar AQSh bilan aloqalarga jiddiy putur yetkazishini aytgan.

Ushakovga ko’ra, Putin G’arbdan xavfsizlik kafolatlarini olish haqida gapirgan va Bayden bu borada bo’ladigan Jeneva muzokaralariga jiddiy e’tibor bildirgan.

Kreml nazarida, G’arb Ukrainani qurollantirmoqda va uning hududida raketa joylashtirmoqchi va bu Rossiya uchun jiddiy tahdid bo’ladi. Moskva AQSh va NATOdan Sharqiy Yevropadan qurollarini olib chiqishni talab qilmoqda.

Rossiyalik rasmiylar 10-yanvar kuni Jenevada AQSh bilan, 12-yanvar kuni Bryusselda NATO bilan va 13-yanvar kuni Venada Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti homiyligida bo’ladigan yana bir muzokarada qatnashishi kutilmoqda.

"Rossiya prezidenti AQSh chegarasida hujumkor qurollar joylashtirilsa, Vashington bunga qanday javob bergudek bo’lsa, Rossiya ham shunday harakat qilishini Baydenga bildirdi”, - dedi Ushakov.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG