Breaking News

Bayden: Rossiya Ukraina bosqini badalini to'lashi shart


Xarkov, Ukraina sharqi, 22-may, 2022
Xarkov, Ukraina sharqi, 22-may, 2022

Yaponiyaga tashrifi mobaynida AQSh rahbari Jo Bayden Rossiyaning Ukrainadagi urushi haqida so'zlar ekan, Vladimir Putin bosqin badalini to'lashi shart, deya ta'kidladi. Rossiya prezidenti, deydi Bayden, davlati va xalqini egri yo'ldan olib borib, qo'shni xalqni azoblamoqda.

Baydenga ko'ra, Rossiya uzoq muddatli sanksiyalar va boshqa jazo turlari bilan yuzlashadi.

“Putin bu qilmishlari uchun javobgarlikka tutilmasa, sanksiyalar kuchda qolmasa, Xitoy kabi davlatga Tayvanga bostirib kirsang bo'ladi, degan signal bo'ladi", - deydi Amerika prezidenti.

Pekin Tayvanni o'ziga butkul bo'ysundirish uchun unga nisbatan harbiy kuch qo'llaydi, degan qo'rqinch azaldan bor. Oq uy xavotiri shuki, Xitoy Rossiya tutgan yo'ldan borishi mumkin.

Ukraina rahbari Volodimir Zelenskiy Davosda o'tayotgan Jahon iqtisodiy forumida virtual qatnashar ekan, Kremlga va umuman, Rossiyaga qarshi jazoni oshirishga undadi.

"Rossiyadan energiya sotib olmang, u bilan har qanday savdoni to'xtating", - deya chaqirdi Zelenskiy.

“Sanksiyalar shunday bo'ladi, maksimum darajada, toki Rossiya va u kabi agressor kuchlar qo'shnilariga qarshi qonli urush ocha olmasin, ochsa ham keskin jazolansin".

Ukraina rahbari Volodimir Zelenskiy Kiyevdan turib, Davosda kechayotgan Jahon iqtisodiy forumida so'zlamoqda, 23-may, 2022
Ukraina rahbari Volodimir Zelenskiy Kiyevdan turib, Davosda kechayotgan Jahon iqtisodiy forumida so'zlamoqda, 23-may, 2022

Zelenskiy deydiki, Rossiya agar uch oy oldin qattiq sanksiyalar ostida qolganida bugun minglab insonning hayoti saqlab qolingan bo'lar edi.

“Hozir bu zolim kuchga yo'q deyish paytidir, aks holda u dunyoni boshqaradi", - deydi Ukraina rahbari.

Kiyevning Moskva bilan muzokarachisi Mixaylo Podolyak deydiki, Yevropa har kuni Rossiyadan 1 milliard dollarga teng neft sotib oladi.

“Rossiya bolalarni o'ldirmoqda, ayollarni zo'rlamoqda, shaharlarni vayron qilmoqda", - deydi Podolyak. “Ukraina esa Yevropa chegaralarini himoya qilmoqda, demokratiyani uning tahdididan saqlamoqda. Xulosa o'zingizdan".

Yevropa Ittifoqi Rossiya neftini taqiqlashni taklif qilgan, ammo qator a'zolar usiz hayoti qiyinlashishini ro'kach qilib, bunday qadamni yoqlamayapti.

Rossiya kuchlari ayni damda Donbas mintaqasida, Lugansk va Donetsk hududlarida jang qilmoqda, shuningdek, Ukraina janubida.

Lugansk hokimi Serhiy Hayday bosqinchi qo'shinni viloyatning yuragi bo'lmish Severodonetsk shahrini yer bilan yakson qilishga bel bog'laganlikda ayblamoqda.

Rossiya serjanti Vadim Shishimarin Kiyev sudida, 23-may, 2022. 21 yoshli askar begunoh ukrainni o'ldirganlikda aybdor deb topilib, bir umrga qamaldi.
Rossiya serjanti Vadim Shishimarin Kiyev sudida, 23-may, 2022. 21 yoshli askar begunoh ukrainni o'ldirganlikda aybdor deb topilib, bir umrga qamaldi.

Bu orada Ukraina sudi shimoli-sharqdagi Sumi qishlog'ida begunoh fuqaroni o'ldirganlikda aybdor deb topib, 21 yoshli rus askarini bir umrlik qamoq jazosiga hukm qildi. Yigit aybni tan olgan. Uning aytishicha, serjant sifatida yuqoridan kelgan buyruqni bajargan.

Rossiya hukumati urushda fuqarolar nishonga olinmayotganini da'vo qiladi. Kreml nazarida Kiyevdagi sud adolatsiz, chunki ayblanuvchi zarur himoya ostida emas. Ukraina hukumatiga ko'ra esa askarning huquqlari himoyalangan.

AP, AFP, "Reuters" axborotiga ham tayanildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG