Breaking News

Bayden Rossiyadan neft xarid qilishni to'xtatdi


Rossiyaga qarashli neft tankeri
Rossiyaga qarashli neft tankeri

AQSh Prezidenti Jo Bayden Rossiyaning Ukrainadagi urushiga javoban ko’plab boshqa sanksiyalar qatorida bu mamlakatdan neft va boshqa yonilg’i mahsulotlarini import qilishni taqiqlovchi farmonga imzo chekdi.

"Bundan keyin Rossiya nefti AQSh portlarida qabul qilinmaydi va Amerika xalqi bu bilan Putinning urush mashinasiga yana bir qattiq zarba berdi”, - dedi Bayden.

AQSh rahbari Ukraina xalqiga xayrixohligini yana bir bor bildirib, urushda g’alaba Ukraina tomonida bo’lishini bashorat qildi.

"Putin bir shaharni qo’lga olar, ammo mamlakatni qo’lida ushlab turolmaydi”, - dedi u.

Bayden farmoniga ko’ra, AQSh Rossiyadan neft, ko’mir va suyultirilgan gaz sotib olishni to’xtatadi. Bu xabar tarqalishi ketidan xom neftning “brent” markasiga narx may oyi uchun 5,4 foizga qimmatlab, bir barreliga $129,21 ga yetdi.

AQSh rahbari Yevropadagi ittifoqchilarni ham Rossiya yoqilg’isidan voz kechishga undashga harakat qildi, biroq Germaniya bunga tayyor emasligini ma’lum qilgan.

Demokratlar noyabrda Kongressga bo’ladigan oraliq saylovlarga hozirlanar ekan, Afg’onistondan tartibsiz evakuatsiya, Baydenning pandemiyaga qarshi siyosati, inflyatsiya, Rossiyaning Ukrainadagi urushi saylovda mag’lubiyatga yetaklashi mumkin.

AQSh 2021-yilda har oy Rossiyadan 20,4 milliondan ko’p barrel neft va qayta ishlangan neft mahsulotlarini import qilgan. Importga boykot Amerikada usiz ham qimmatlagan benzin narxining yanada oshishiga olib kelishi aytilmoqda.

Bayden ma’muriyati sanksiyalarning Amerika xalqiga salbiy oqibatlarini yumshatishga so’z berdi.

“Putinning urushi Amerikada benzin narxini ko’tarib yubordi. Rossiya agressiyasi hammamizga qimmatga tushyapti. Bundan foyda ko’rish vaqti emas hozir”, - dedi Bayden narxlarni asossiz ko’tarish niyatida bo’lgan neft va gaz kompaniyalariga ishora qilib.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG