Breaking News

AQSh boshqa mamlakatlarga vaksina masalasida yordam bermoqchi


AQSh Prezidenti Jo Bayden Oq uyga kirganidan beri mamlakatda koronavirusga qarshi vaksinaning 200 millionta dozasi emlash uchun qo’llanganini faxr bilan so’zlab, ortiqcha dozalar xorijga yuborilishini aytdi. Ba’zilar Bayden ma’muriyatini vaksinasiz qolgan mamlakatlarga yordam berishga, hatto vaksinani patentlashni kechiktirishga qaratilgan kampaniyani qo’llab-quvvatlashga chaqirmoqda.

Xalqaro hayot – 22-aprel, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:58 0:00

AQShda shu kunga qadar koronavirus vaksinasining 214 milliontadan ko’p dozasi aholiga taklif etildi. 200 millionta dozasi Jo Bayden prezidentlikka kirganidan beri. Bayden emlanishni istagan xodimlariga pullik tibbiy ta’til taklif etadigan kompaniyalarga soliq imtiyozlarini e’lon qildi.

Amerika prezidenti dunyoning boshqa mamlakatlariga ham yordam qo’lini cho’zishga tayyor.

“O’zimizda ishlatilmay qolgan vaksinalardan qanday foydalanish ustida o’ylanyapmiz. Ularni xorijga yuborishdan oldin xavfsiz ekaniga amin bo’lishimiz kerak. Dunyo mamlakatlariga yordamimiz tegadi degan umiddaman”, - dedi Bayden.

Bir necha kun oldin AQSh Senatidagi 10 demokrat qonunchi Baydendan intellektual mulk huquqlarining savdoga doir qismini vaqtincha to’xtatishni so’radi. Hindiston va Janubiy Afrika o’tgan yil oktabrida Jahon savdo tashkiloti anjumanida shunday taklif bilan chiqqan edi. Tashkilotga a’zo mamlakatlarning 80 dan ziyodi koronavirus vaksinalariga patentlardan vaqtincha voz kechish taklifini qo’llab-quvvatladi. Bu ushbu mamlakatlar hududida vaksinaning patentlanmagan variantlarini ishlab chiqarishga imkon beradi. Biroq Yevropa Ittifoqi va AQSh bunga hozircha ko’nmayapti.

Oq uy buning sababini tushuntirishdan bosh tortmoqda.

“Global pandemiyaga qarshi kurashning boshqa choralarini ko’rib chiqyapmiz. Bundan ortiq ma’lumot bera olmayman”, - dedi Baydenning matbuot kotibasi Jen Psaki.

Farmatsevtika kompaniyalariga ko’ra, patentni himoyalash koronavirusning yangi ko’rinishlariga qarshi kurashda hamda vaksina ishlab chiqarishni oshirishda muhimdir.

Biroq Xitoy va Rossiya vaksina diplomatiyasiga zo’r berarkan, Baydenning patentlarni vaqtincha to’xtatishga rozi bo’lmasligi unga geosiyosiy tomondan qimmatga tushishi mumkin.

“Dunyodagi davlatlar vaksinalarning hammasini sotib olib, ishlab chiqarish texnologiyasini boshqalar bilan baham ko’rmayotgan Amerikani ochko’z deb bilyapti. Ular shu texnologiyalar asosida o’z aholisi uchun vaksina ishlab chiqarmoqchi. Amerika uchun bu da’vatlarga “yo’q” deb javob berish ziqnalik bo’ladi”, - deydi Jorjtaun universieti mutaxassisi Mettyu Kavano.

Qo’shma Shtatlar BMTning rivojlanayotgan mamlakatlarni vaksina bilan ta’minlashga qaratilgan KOVAKS (COVAX) dasturiga 4 milliard dollar sarfladi hamda Hindiston, Avstraliya va Yaponiya bilan hamkorlikda Janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlari uchun vaksina ishlab chiqarishni oshirishga qaratilgan tashabbusga bosh bo’ldi.

Biroq Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti dunyo bo’ylab vaksina ta’minotida hali ham muvozanat yo’qligiga ishora qildi.

"Yuqori daromadli mamlakatlarda har to’rt odamning biri emlangan. Kam daromadli mamlakatlarda esa bitta emlangan 500 dan ortiq kishiga to’g’ri keladi”, - dedi Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesus.

Virus dunyo bo’ylab tarqalishda davom etarkan, shu kunga qadar vaksinaning 950 millionta dozasidan ko’pi aholiga taklif etilgan, ya’ni har 100 kishiga 12 tadan.

Aytish joiz, O’zbekistonda 335 mingtadan ortiq doza qo’llangan, ya’ni har 100 kishidan biri emlangan, xolos.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG