Breaking News

AQSh va Sovet Ittifoqi o’rtasidagi munosabatlar yangi pyesada


SSSR 1979-yilda Afg’onistonga bostirib kirishi ortidan, AQSh va Sovet Ittifoqi o’rtasida bir oz yumshagan aloqalar yana sovuqlashgan, Sovuq urush avj olgan. Raqobatchilik yadro urushiga yetaklashi mumkin, degan qo’rquv kuchli edi. Illinoys shtati, Chikago shahridagi Gudmen katta teatrida mana shu davr, Sovuq urush yakuni bilan bog’liq “Ilk uchrashuv” nomli tarixiy pyesa sahnalashtirildi. Uni kubalik dramaturg yozgan.

Gorbachyov va Reygan "Ilk uchrashuv" pyesasida
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:12 0:00

AQSh Prezidenti Ronald Reygan va Sovet Ittifoqi rahbari Mixail Gorbachyov birinchi marta 1985-yilning noyabrida Jenevada uchrashgan. Yadro quroliga ega ikki qudratli davlat o’rtasida Sovuq urushning barham topa boshlaganidan darak sifatida tarixda muhrlangan palla.

“Afg’oniston istilosidan so’ng, o’shangacha Sovet Ittifoqining hech bir bosh kotibi AQSh prezidenti bilan yuzma-yuz muzokara qilmagan edi”, - deydi dramaturg Rogelio Martinez.

Asarni boshlashdan avval u bu uchrashuvni obdon o’rganadi. Voqealar ro’y berganda u 15 yoshda edi.

“Spektakl Reygan, Gorbachyov, Tashqi ishlar vaziri Eduard Shevardnadze, yoki davlat kotibi Shults haqida emas. Men va men o’sgan muhit haqida, shaxsiy hayotim orqali yoritilgan tarixiy sahna”, - deydi Martinez.

U kommunistik Kubada tug’ilgan. 1980-yillardagi katta migratsiya paytida 9 yoshli Martinez amakisi bilan Amerikaga qochib o’tadi. Spektaklda Jeneva sammiti, avval Sovet Ittifoqining, keyin Amerika demokratiyasining Kubaga ta’siri Martinezning shaxsiy hayoti orqali yoritiladi.

“Yozishni boshlaganimdayoq Reyganning shaxsiyatiga e’tibor qaratganman. Moslashuvchan, kuchli siyosatchi bo’lgan. O’z xohish-irodasiga ko’ra, nima qilayotganini bilib ish tutgan”, - deydi, Gorbachyov va Reygan uchrashuvidan oldingi uzundan-uzoq yozishmalaridan xulosa qilgan dramaturg.

“Ular og’zaki emas, yozma muloqotda bo’lishgan. Yozilgan har bir so’z ma’nosiga katta mas’uliyat, e’tibor bilan yondashishgan”, - deydi u.

“Chuqur mulohazakorlikni aks ettirishim kerak edi. Asosiysi muloqot. Bu ikki shaxs, ikki madaniyat o’rtasidagi katta jarlik yadro fojiasiga yetaklashi mumkin edi. Lekin ular til topishishning uddasidan chiqqan”, - deydi Gorbachyov rolini ijro etgan aktyor Uilliam Dik.

Reygan rolida esa Rob Rayli. Gorbachyov-Reygan uchrashuvining ahamiyati nafaqat ochib beriladi, balki ularning munosabatlari yumor bilan ifodalanishi tomoshabinga bugun bilan bog’liq bo’lgan tarix haqida saboq beradi.

“Xalqaro maydondagi siyosatchi va liderlarga oid postanovkalar bugun ham aks-sado beradi”, - deydi Rayli.

“Postanovka ayni damda kam uchraydigan optimistik ruhda”, - deydi Martinez.

“Menimcha asar bugungi kunga juda taalluqli. Dialog, fikr almashish haqida. Reygan aytganidek hammasi qanday muloqot qilishga bog’liq. Jar solish, bayonotlar qilib, bir-biri haqida gaplashish emas, yuzma-yuz muhim”, - deydi aktyor Dik.

Pyesa Chikagodagi Gudmen teatri sahnasida tomoshabinlar e’tiboriga havola etiladi. Uning asosida bir kuni film yaratilsa ham ajab emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG