Breaking News

Blinken Germaniya, Italiya, Fransiya safarlariga chiqdi


Blinken va Merkel Berlinda

Yaqinda Prezident Bayden bilan Yevropada bo’lgan AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken qit’aga yana qaytib bordi. Bugun u Germaniyada. Fransiya, Italiyaga ham safarlar rejalangan. Ikki tomonlama aloqalardan tashqari, Liviyadagi vaziyat, “Islomiy davlat” to’dasiga qarshi kurash xususida muhokamalar kutilmoqda.

Xalqaro hayot – 23-iyun, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:28 0:00

Blinken transatlantika hamkorligining ashaddiy tarafdorlaridan bo’lib, Yevropada unga munosabat iliq. Berlinda Blinken Liviya bo’yicha ikkinchi anjumanda qatnashdi. Bu gal tadbirga ilk bor Liviyadan delegatlar taklif etilgan.

Vashingtonlik tahlilchi Brayan Katulisning aytishicha, Suriya va Yamandan farqli o’laroq Liviyada hokimiyat uchun kurashayotgan taraflarni yarashtirishga kelganda katta yutuqlarga erishildi.

“So’nggi kunlarda mamlakatga gumanitar yordam yetkazish uchun ta’minot yo’llarini ochishga kelishildi”, - deydi u.

Blinken Berlinda Kansler Angela Merkel, Tashqi ishlar vaziri Xayko Maas bilan muloqot qildi.

Iqlim o’zgarishi va koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash ham muhokama mavzularidan.

Rimda terrorga qarshi xalqaro koalitsiya ishtirokchilari to’planib, Afrika va Afg’onistonda “Islomiy davlat”ga qarshi kurash muhokama etiladi.

Vashingtondagi Vudro Vilson markazidan tahlilchi Den Xamiltonning aytishicha, Blinkenning Yevropadagi uchrashuvlari chog’ida Xitoydan taralayotgan xavf xususida ham fikr almashiladi.

“Yevropaliklar AQSh-Xitoy o’rtasidagi munosabatlarni “tizimli raqobat” deb ataydi, Bayden ma’muriyati esa Pekinni “dushman” deb aytgan. Atamalarga kelganda ikki taraf o’rtasida farq mavjud, bu esa Xitoy bilan muammolarni muhokama etish darajasiga ta’sir qiladi”, - deydi ekspert.

Germaniyaning Marshall jamg’armasi tahlilchisi Jonatan Katsning aytishicha, Blinkenning Yevropaga tashrifi davomida dunyo bo’ylab demokratiyaga qarshi tahdidlarning kuchayayotgani ham muhokama etiladi.

“Bayden yanvar oyida prezidentlikni qo’lga olganidan beri har bir muloqotida demokratiya haqida gapiradi. Press-relizlarda ham, bayonotlarda ham ushbu mavzu aks etadi”, - deydi siyosatshunos.

Yevropa Ittifoqining AQShdagi elchisi Stavros Lambrinidisning aytishicha, avtoritar rahbarlarning demokratiyaga tahdidlari bor narsa.

"Demokratiya va erkinlik yaxshi narsa degan tushunchani oyoqosti qilishga harakat qilayotganlar bor. Ba’zida ularning qo’li baland kelmoqda. Biroq Yevropa Ittifoqi va AQSh ularni bu yo’ldan qaytaradi”, - deydi elchi.

Unga ko’ra, AQSh va Yevropa Ittifoqi aksildemokratik harakatlarga turtki berayotgan ijtimoiy va iqtisodiy muammolarni hal qilish orqali bunga erishishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG