Breaking News

Baydenning sokin Yaqin Sharq diplomatiyasi


O’tgan hafta Isroil va XAMAS o’rtasida erishilgan sulhga taraflar amal qilishda davom etmoqda. Bu AQSh Prezidenti Jo Bayden uchun tashqi siyosatdagi ilk jiddiy sinov bo’ldi. Rasmiy bayonotlarda Bayden Isroilni qo’llab-quvvatlasa-da, sanha ortida Misr muzokarachilari yordamida G’azoga hujumlarni bas qilishga undadi.

Xalqaro hayot - 24-may, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:25 0:00

"Prezident Baydenning sokin va samarali diplomatiyaga urg’u berishi natijasida 11 kun davom etgan zo’ravonliklarni to’xtatib, sulhga erishishga muvaffaq bo’ldik”, - deydi Davlat kotibi Entoni Blinken.

Isroil havo va artilleriya hujumlarida G’azoda 248 ta odam o’lgan. XAMAS otgan raketalar esa Isroilda 13 kishini o’ldirdi.

Kongressdagi progressiv demokrat qonunchlar Baydendan Isroilga qarshi qattiroq bosim qo’yishni, falastinliklarga esa yordamni oshirishni talab qilmoqda. Bu qonunchilar AQShning Isroilga qurol savdosidan xavotirda, xususan 735 million dollarlik eng so’nggi kelishuvni tanqid qilmoqda.

Yaqin Sharq safariga otlanayotgan Blinkenning aytishicha, Isroil o’zini mudofaa qilishga haqli, biroq Kongressdagi hamjihatlik qurol savdosidan muhimroqdir.

“Qurol savdosiga doir har bir kelishuv Kongress bilan maslahatlashgan holda amalga oshiriladi. Jarayon samarali bo’lishiga harakat qilamiz”, - deydi davlat kotibi.

Respublikachi qonunchilar G’azoni boshqarayotgan XAMAS harakatining Eron tomonidan qo’llab-quvvatlanayotganiga ishora qiladi. Ularning xavotir olishicha, Bayden ma’muriyati Tehronni xalqaro yadro bitimiga qaytarish uchun unga qo’yilgan sanksiyalarni olib tashlashi mumkin. Blinkenning aytishicha, Eron bitimga qaytsa, uning terrorizmga aloqadorligi bilan bog’liq masala bilan shug’ullanish osonroq bo’ladi.

“Eron dunyoda terrorizm homiysi bo’lishda davom etarkan, unga qo’yilgan sanksiyalarning bekor qilinishini istamayman”, - deydi respublikachi senator Syuzan Kollins.

2018-yilda Prezident Donald Tramp yadroviy bitimdan chiqib, Eronga sanksiyalar qo’ygan. Unga ko’ra, bitim Eron xulqini o’zgartirishga ojizlik qildi. Bunga javoban

Tehron shartnomada yadroviy faoliyatiga qo’yilgan cheklovlardan voz kecha boshladi.

Baydenning aytishicha, Qo’shma Shtatlar BMT orqali G’azo ahliga gumanitar yordam berish va vayron bo’lgan shaharni tiklashga bel bog’laydi.

Yakshanba kuni Misrdan G’azoga gumanitar yordam kela boshladi. 130 ta yuk mashinasida oziq-ovqat va dori-darmon keltirildi.

Falastinlik rasmiylarning aytishicha, 11 kunlik ixtilof natijasida G’azoda 769 ta uy va tijoriy imorat vayron bo’lgan, 14500 dan ortiq bino zarar ko’rgan. BMTning ma’lum qilishicha, 800 ming g’azolik toza ichimlik suvidan mahrum, Isroil hujumlari natijasida suv tarmog’ining salkam 50 foizi ishdan chiqqan.

Bugun Sharqiy Quddusda bir odam ikki kishiga pichoq urib, o’zi politsiya o’qidan o’lgan. Jarohat olganlardan birining harbiy ekani ma’lum. Ularga kim hujum qilgani hozircha oshkor etilmayapti, biroq o’tmishda bu ishga, asosan, falastinliklar qo’l urgan.

Falastin Sharqiy Quddusni bo’lajak davlatining poytaxti deb biladi, biroq Isroil shaharning bo’linishiga qarshi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG