Breaking News

AQSh aviatsiya boshqarmasi rahbari Kongressda tushuntirish berdi


Boing-737 Max
Boing-737 Max

“Boing-737 Max” samolyotlari ikki bor halokatga uchrab, parvozlarni vaqtincha to’xtatishga majbur bo’lganidan so’ng AQSh qonunchilari AQSh Federal aviatsiya boshqarmasi rahbarini Kongressga chaqirtirib, aviakompaniyalarga xavfsizlik guvohnomasini berish jarayoni xususida savolga tutdi.

Boshqarma muvaqqat rahbari Daniel Elvel Kongress Vakillar palatasining Transport qo’mitasida o’tkazilgan tinglovda sertifikatlash jarayonini himoya qildi.

Uning aytishicha, boshqarma litsenziyasini olgan mutaxassislar aviazavodda samolyotlarni obdon ko’zdan kechiradi.

“Jarayonni qattiq nazorat qilamiz, mutaxassislarga kompaniya tomonidan bosim qo’yilishiga yo’l qo’ymaymiz”, - dedi u.

Biroq qo’mitaning demokrat a’zolari boshqarma ishi yuzasidan shubhalarini ma’lum qildi.

“Biz hozir sudda emasmiz. Sodir bo’lgan halokatlar bo’yicha tergov boshlang’ich bosqichda, “Max” rusumidagi samolyotlar xavfsizligi tekshirilmoqda. Biroq sertifikatlash jarayoni haqida eshitganlarimiz bizni xavotirga solmoqda. Federal aviatsiya boshqarmasi va ishlab chiqaruvchilar qimmat samolyotlarni tezroq chiqarish emas, ularni xavfsizroq qilishga urg’u berishi kerak”, - dedi illinoyslik kongressmen Daniel Lipinski.

Avval o’tgan yil oktabr oyida Indoneziyaga qarashli, so’ng joriy yil martida Efiopiyaga tegishli “Boeing-737 Max” yo’lovchi samolyotlari halokatga uchrab, jami 346 odam nobud bo’lgan.

Har ikki samolyot parvoz paytida burni ko’tarilganda uni avtomatik ravishda tushiradigan sistema bilan jihozlangan. Biroq MCAS deb nomlanuvchi bu tizim samolyotning fazodagi holatini qayd etuvchi datchik uzatgan xato ma’lumot asosida samolyot tumshug’ini pastga yo’naltirishda davom etgan, samolyotda bunday sistema borligidan bexabar pilotlar esa tumshuqni to’g’rilashga behuda uringan. Samolyot qo’llanmasida ham Sistema yetarli ma’lumot keltirilmagan.

Elvel qo’llanma batafsilroq bo’lishi kerakligini tan oldi.

AQSh Adliya vazirligi “Boing” kompaniyasi ustidan jinoiy tergov boshlagan, Kongress esa kompaniya va federal nazoratchilar o’rtasidagi aloqani taftish qilmoqda.

“Boing” korporatsiyasi “737 Max” rusumidagi samolyotlarida kompyuter dasturini yangilab, pilotlarni maxsus tayyorgarlikdan o’tkazishni rejalamoqda. AQSh Federal aviatsiya boshqarmasi rejani o’rganib chiqib, sinov parvozlaridan so’ng bir qarorga kelishini bildirgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG