Katta immigratsiya oqimi iqtisodiyot va jamiyatga ta’sir qiladi hamda hududda aholi sonini oshirib yuborishi tayin. 2000-yillarning boshida yangi amerikaliklar Ogayo shtatining janubidagi tashlandiq yerlarini jonlantirib yuborgandi.

Ogayo shtatining Kolumbiya shahridagi Saraga xalqaro supermarketi ekzotik meva-sabzavotlar, oziq-ovqat mahsulotlari bilan barcha etnik guruhlarni jalb qiladi.

“Lag’mon va achchiq qalampir oldim. Bu yerdan istagan narsani topish mumkin”, - deydi xaridorlardan biri.

5000 kvadrat metrli do’konni to'rt yil oldin koreyalik muhojir Jon Sun ochgan.

"Mahsulotlarni Afrika, Osiyo, Janubiy Amerika va Yevropadan, deyarli butun dunyodan olib kelamiz. Ishchilarimdan 80 tasi turli millatga mansub qochoqlar, muhojirlar”, - deydi supermarket egasi.

Do'kondan ikki kilometr narida Jabba sayyohlik firmasi bor. Uni 9 yil oldin Ahmad Hoji ochgan.

“Biznes ochishimga turtki bo’lgan narsa - uyiga qaytmoqchi bo’lgan muhojir vatandoshlarim, somaliliklar ehtiyoji bo'ldi. Qaytish uchun uchish kerak. Daromadli ish bo’ladi deb boshlab yubordim”, - deydi u.

Jabba savdo markazida Somali qochoqlari va muhojirlar kichik do’konlar ochib, bir-biriga mijoz chaqirishadi.

Ko’p millatli savdo markazidagi restoranlar, doim gavjum. Kichik bizneslar shahar shimolidan Mors ko'chasi bo'ylab tizilgan.

“Bu joy strategik qulay, daromad katta.Mors turli millat vakillari yashaydigan joy”, - deydi Ahmad Hoji.

Uning aytishicha, bu yerga kelib joylashish tabiiy bir jarayon bo’lgan.

“Hech kim menga shu yerga kelib yashashni maslahat bermagan. Ko’pgina qochoq yoki muhojirlar biznesga layoqatli odamlar bo’lishadi va odatda hech qanday yordamsiz biznesga kirishib kelaveradi", - deydi tadbirkor.

So’nggi bir necha o’n yillik ichida Ogayoga katta muhojirlar oqimi kirib keldi. Oxirgi 10 yilda esa qochoqlar ham shu yerga joylashmoqda.

“Yaqin yillardagi 900 dan ortiq yangi bizneslarni muhojirlar ochgani va ular 23 ming yangi ish o’rinlari yaratganini kuzatyapmiz. Muhojir va qochoqlar shahar iqtisodiga 1,6 milliard dollarlik hissa qo’shgan”, - deydi Kolumbiya shahri rasmiysi Gvadalupa Valeskuz.

Amerikaga fuqarolari kirishi man etilgan olti mamlakat haqidagi farmondan so’ng Ahmad Hojining biznesi oqsab qoldi. Lekin u shaharni tark etmoqchi emas.

"21 yildan beri shu yerda yashayman. Yaxshi joylar. Kolumbiyani tashlab ketish niyatim yo’q” - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG