AQSh Botanika bog'ida milliy parklarga oid ko'rgazma

  • Amerika Ovozi

Vashingtondagi botanika bog'ida

Vashingtondagi Botanika bog'ida AQSh milliy parklari, ya'ni tabiat qo'riqxonalari va istirohat bog'larining 100 yilligiga bag'ishlangan maxsus ko'rgazma ochildi.

"Ozodlik" haykali, "Yelloustoun" yovvoyi tabiat zonasi kabi ko'plab mashhur qadamjolarning 50 dan ortiq kichik modellari yaratilgan. Bu Amerika milliy parklari yaratilgan kun uchun ajoyib sovg'a.

Vashingtonda qish, ammo Botanika bog'i ichida ko'klam. Odamlar maxsus ko'rgazmadan zavq olmoqda.

Did bilan yasalgan 50 dan ortiq eksponat Amerika Milliy parklari tizimidagi eng mashhur joylarni o'zida mujassam etgan.

Deyvid Detson, Botanika bog'i so'zlovchisi:

"Milliy park xizmatining yubileyini nishonlashda ular bilan hamkorlik qilayotganimizdan juda xursandmiz. Biz uchun tabiiy hamkorlik bu. Odamlar bu yerda mamlakatning turli joylarini ko'rishadi. Ular biladigan, sevadigan rang-barang maskanlar. Ayrimlarini ko'rishgan yoki u yerlarga borishni orzu qilishadi".

Kichik poyezdlar qishloq maketi atrofini aylanib yuribdi. Bu yerda prezident uylari ham bor.

Tomas Jefferson yashagan Montichello Amerikaning birinchi prezidenti Jorj Vashington uyidan bir necha qadam narida joylashgan.

Fuqarolik huquqlari uchun kurashgan Martin Lyuter King ulg'aygan xonadon ham bor.

Va poytaxtning tarixiy maskanlari. Masalan, Linkoln yodgorligi. Ichida Linkoln siymosi bor. Botanika bog'i yaqinidagi Kapitoliy binosining ham maketi tayyorlangan.

"Juda katta. Uni yaratish uchun 16 ta rassom 600 soatdan ko'p vaqt sarfladi. O'simliklardan yasalgan. Ustunlar tepasiga yong'oq po'sti qo'yilgan. Uzun ustunlar tol cho'pidan yasalgan. Oldini bezash uchun archa yong'oqlaridan foydalanilgan", - deydi Dotson.

Bu yerdagi yana bir mashhur buyum - ulkan Duglas archasi. U 200 ta milliy bog' va ulardagi turli hayvon va o'simliklarni o'zida ifodalovchi rang-barang zeb-ziynatlar bilan bezatilgan.

Archa atrofida yana boshqa maketlar.

"Vashingtondagi eski tosh uyni ham ko'rasiz. Kapitoliyning tarixiy mahallasi, Yellostoun parkida har bir necha daqiqada otilib turuvchi geyzer va tarixiy Old Feysful mehmonxonasi ham bor. Barchasi o'simliklardan tayyorlangan", - deydi bog' rasmiysi.

Dotson ko'rgazma odamlarga manzur kelishidan umidvor.

"Ular Amerika Milliy park xizmati haqida ajoyib taassurotlar olishadi, shu yerga borganman yoki bormoqchiman, deb aytishadi deb umid qilamiz. Mamlakatimiz bo'ylab mavjud joylar haqida o'rganib, u yerga borishni xohlashlarini istaymiz", - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG