Breaking News

Rio-de-Janeyroda qabristonlar kengaytirilmoqda


Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida koronavirus pandemiyasidan o’layotgan odamlar uchun zudlik bilan qabrlar va kameralar tayyorlanmoqda, qabristonlar kengaytirilyapti. Shahardagi yettita qabristonni boshqarayotgan “Reviver” kompaniyasiga ko’ra, tez orada 5000 ta qabr hozirlanadi.

Kompaniya go’rkovlar uchun koronavirusdan himoya vositalarini sotib olib, ularni treningdan o’tkazgan.

Rio-de-Janeyro koronavirusga chalingan va undan o’lgan odamlar soni bo’yicha Braziliyada ikkinchi shtatdir. Virus tarqalishining oldini olish maqsadida shtatda qattiq cheklovlar joriy etilgan, biroq mamlakat Prezidenti Jair Bolsonaru ularni tanqid qildi.

"Umid qilamanki, bu karantinning so’nggi haftasi. Odamlar uyda ortiq o’tirgisi yo’q, sovutgichlar bo’shab qolgan”, - dedi u bir guruh tarafdorlari va muxbirlarga.

Sog’liqni saqlash vazirligining pandemiyaga qarshi choralaridan norozi Bolsonaru 5 kun oldin vazirni lavozimidan olgan.

Deyarli barcha shtatlarda karantin joriy etilgan, ba’zilarida may o’rtasigacha.

Bolsonaru iqtisodiyotni inqirozdan saqlash maqsadida karantinga tezroq chek qo’ymoqchi. Uning nazarida, bunday choralar koronavirus tarqalishiga to’siq bo’la olmaydi.

Oliy sud ijtimoiy izolyatsiyaga doir siyosat bo’yicha yakuniy qaror chiqarishni federal hukumat tavsiyasiga qaramay gubernatorlar va merlar ixtiyoriga havola qildi.

Mutaxassislar epidemiya cho’qqisi may oyiga to’g’ri kelishini bashorat qilmoqda. Shu onga qadar Braziliyada 40 mingdan ziyod odam koronavirus yuqtirgan, 2500 dan oshig’i o’lgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG