Yagona Amerika: Tarqoqlikka qarshi choralar

  • Amerika Ovozi

AQShda 2016-yil noyabrida bo’lib o’tgan prezident saylovlari jamiyatda chuqur ildiz otgan bo’linishlarni yuzaga chiqardi. Ayrim tahlilchilarga ko’ra, bu holat mamlakat barqarorligi va demokratiyasi kelajagiga tahdiddir.

Nodavlat tashkilotlar Amerika bo’ylab muloqotga chorlovchi tadbirlar o’tkazmoqda. Yaqinda turli mafkuraviy qarashlarga ega amerikaliklar xayriya ishlariga jalb etilib, birgalikda harakat qildi.

Ana shunday nodavlat va diniy tashkilotlar “Yagona Amerika” harakati bayrog’i ostida birlashdi.

“Xalqimiz qattiq bo’lingan, bu yurtimizga, jamiyatimizga zarardir”, - deydi harakat rahbari Endryu Xanauer.

Unga ko’ra, turli siyosiy qarashlarga ega odamlar bir-biriga quloq solmay qo’ygan.

“Yagona Amerika” harakati xayriya maqsadlar yo’lida ko’ngillilar bilan ishlaydi. Shuning bahonasida turli siyosiy va diniy qarashlarga ega odamlar bir loyihada mehnat qiladi, birga taom yeydi, hukumat ishi haqida madaniy muloqot olib boradi. Guruh Vashingtonda boshpanasiz odamlarga mo’ljallangan markazga tashrif buyurdi.

“Ko’pchilik yordam berishga, jamiyatiga, mahallasiga birgalikda xizmat qilishga tayyor”, - deydi Xanauer.

Asosiy maqsadimiz, deydi u, barcha insonlarning bir xil fikrlashiga erishish emas.

“Hamma ham turli mavzuda hech qachon bir xil fikrlamaydi, albatta. Biz shunchaki odamlarni muloqot qilishga chorlamoqchimiz. Bir-birining fikriga qo’shilmasa ham nega bunday fikrda ekanini tushunishlarini xohlaymiz”, - deydi harakat rahbari.

Nasroniy, yahudiy, musulmon guruhlar xayriya yo’lida ayniqsa faol va muloqot hamda murosaga qaratilgan tashabbuslarini qo’llab-quvvatlaydi.

“Bir-birimizga yordam beruvchi loyihalarda hamkorlik qilsak, eng ulug’ insoniy fazilatlarimiz namoyon bo’ladi”, - deydi Jamoatchilik bilan ishlash musulmon kengashi vakili Ilhan Chag’ri.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG