Breaking News

Britaniya tankerini hibsga olgan Eronni jazolash ustida o'ylanmoqda


Eron 19-iyul kuni Hormuz bo'g'ozida hibsga olgan Britaniyaning "Stena Impero" neft tankeri
Eron 19-iyul kuni Hormuz bo'g'ozida hibsga olgan Britaniyaning "Stena Impero" neft tankeri

Britaniya hukumati Eronni britan bayrog'i ostida harakatlangan neft tankerini Hormuz bo'g'ozida hibsga olgani uchun sanksiyalar bilan jazolashni rejalamoqda. Bu haqda britaniyalik rasmiylar ma'lum qildi. London, shuningdek, Yevropa Ittifoqiga a'zo davlatlardan 2016-yilda Erondan xalqaro atom dasturini imzolash evaziga olingan sanksiyalarni qayta tiklashni ham so'ramoqchi.

Britan qonunchilari Eronni jazolash talabi bilan hukumatga qattiq bosim qo'ymoqda. Parlamentning quyi yoki Jamoalar palatasi bo'g'ozda Britaniya tankerlari himoyasiz ekanidan tashvishda.

Ayrim qonunchilar va harbiy rasmiylar iste'foga chiqayotgan Bosh vazira Tereza Meyni AQSh olg'a surgan qo'shma harbiy-dengiz patrulini tashkil etish taklifiga rozi bo'lmaganini tanqid qilmoqda.

Londondagi hukumatning bu qarorini izohlagan ba'zi britan va AQSh rasmiylariga ko'ra, bunday taklifga rozilik Prezident Donald Trampning Eronga qarshi sanksiya siyosatini qo'llab-quvvatlashni anglatgan bo'lardi.

Eron Hormuz bo'g'ozida Shvetsiyaga qarashli, ammo britan bayrog'i ostida harakatlangan "Stena Impero" neft tankeri va undagi 23 odamni qo'lga olganidan so'ng Britaniya Mudofaa vaziri Tobias Elvud javob choralari ishlanayotgani haqida ma'lum qildi. Xususan, Britaniya Eronning o'z hududidagi mulklarini muzlatib qo'yishi mumkin.

Avvaliga Tehron tankerni Eronning baliqchilik kemasi bilan to'qnashgani uchun to'xtatganini bildirgan edi, biroq keyinchalik Britaniyaning Eronga qarashli "Grace 1" tankerini 4-iyulda Gibraltar yaqinida hibsga olganiga javob deya izohladi. Eron Inqilobi posbonlari korpusi vakili xalqaro qonunchilikda har bir harakatga nisbatan o'zaro chora ko'rish qoidasi mavjudligini eslatdi.

Britaniya "Grace 1" tankeri Yevropa Ittifoqi sanksiyalariga xilof ravishda Suriyaga ikki million barrel neft olib ketayotgani uchun ushlanganini ma'lum qilgan. Eron London ayblovlarini inkor etarkan, Britaniya AQSh buyrug'ini bajarganini da'vo qiladi. Jumladan, Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarifning aytishicha, AQSh milliy xavfsizlik maslahatchisi Jon Bolton Londonni Eronga qarshi qayragan.

"Stena Impero" kemasi ekipaji a'zolari Hindiston, Rossiya, Latviya va Filippin fuqarolari ekani aytilmoqda.

Yevropa Ittifoqining ba'zi rasmiylari Eron tankerini hibsga olish qonuniy chora bo'lgani bilan, siyosiy tomondan oqil qadam bo'lmaganini aytib, Britaniyani tanqid qilmoqda.

Britaniya Qirollik harbiy-dengiz kuchlari sobiq qo'mondoni Lord Vestning aytishicha, 23-iyul kuni hokimiyatga kelishi kutilayotgan yangi bosh vazir Breksit masalasini hozircha chetga surib qo'yib, Eron bilan vujudga kelgan inqirozni hal qilishi kerak.

Sobiq tashqi ishlar vaziri Boris Jonson va amaldagi vazir Jeremi Xant bosh vazirlikka da'vo qilarkan, Tereza Meyning kursisini Jonson egallashi ehtimolga yaqinroq.

Kuzatuvchilar bu voqea yangi bosh vazir uchun jiddiy sinov bo'lishini aytmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG