Breaking News

Qamoqdagi ruhoniy mavzusi AQSh-Turkiya aloqalariga putur yetkazmoqda


50 yashar amerikalik ruhoniy Endryu Kreg Branson 21 oy oldin hibsga olingan

Turkiyada uy qamog’ida saqlanayotgan amerikalik ruhoniy masalasi ikki davlat aloqalariga putur yetkazmoqda. Mavzuni muhokama qilish uchun Turkiyadan Vashingtonga diplomatlar borgan.

AQSh va Turkiyaning bugungi aloqalari markazida salkam ikki yil oldin qamalgan amerikalik ruhoniy Endryu Branson taqdiri turibdi. Ruhoniy terrorizmda ayblanmoqda, biroq AQSh unga qo’yilgan ayblov asossiz ekanini aytadi.

Prezident Donald Tramp va Davlat kotibi Mayk Pompeo Anqaradan Branson va yana bir necha amerikalikni ozod etishni talab qilmoqda.

“Davlat kotibi kecha Turkiya tashqi ishlar vaziri bilan shu masalani muhokama qilgan. Hozircha bu borada biror yangilik yo’q”, - dedi Davlat departamenti matbuot kotibasi Xezer Noyert.

Ayrim xabarlarga ko’ra, AQSh bilan taranglik Turkiya milliy valyutasi qadrini tushirmoqda. Turkiya delegatsiyasining Vashingtonga safari haqida xabar tarqalgach, liraning dollarga nisbatan kursi bir oz ko’tarildi.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an o’tgan hafta ruhoniy masalasi yuzasidan ichki ishlar va adliya vazirlarining AQSh qora ro’yxatiga tushganini qoraladi.

“Bu strategik hamkorning ishi emas, AQSh bunday qadamlari bilan Turkiyaga jiddiy hurmatsizligini ko’rsatmoqda”, - dedi u.

Erdog’an o’xshash javob choralari ko’rilishini aytdi.

50 yashar Branson Izmir shahridagi cherkovda ruhoniylik qilgan. 21 oy oldin uni josuslik va terrorizmga aloqadorlikda ayblab, hibsga olishgan. AQSh bosimidan so’ng Branson o’tgan oy uy qamog’iga o’tkazildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG