Amerika va global salomatlik: Tramp mablag'ni qirqmoqda

  • Amerika Ovozi

Gollandiya va Daniya vazirlari, Bryussel, 2-mart, 2017

Qo'shma Shtatlar shu paytgacha xalqaro maydonda sog'liqni saqlash loyihalari va dasturlari uchun eng ko'p mablag' ajratib kelayotgan davlat. Biroq endi bu o'zgarishi mumkin. Bryusselda 50 mamlakat vazirlari va diplomatlari ishtirokida o'tgan anjumanda qayd etilishicha, kambag'al jamiyatlarga yordam qisqarishi mumkin.

AQSh yiliga bu maqsadlar uchun 10 milliard dollar beradi. Prezident Donald Tramp xotin-qizlar salomatligi bilan mashg'ul nohukumat tashkilotlarga, qay davlatda bo'lmasin, agar ular abort xizmatini taklif qilsa yoki targ'ib qilsa, mablag' uzatmaslikni buyurgan. Demak, yuzlab million dollar qirqiladi.

Oilani rejalashtirish yo'nalishida ishlaydigan tashkilotlar bu qarordan norozi. Bu sohada esa dunyo bo'ylab yuzlab ming muassasa faoliyat yuritadi. Abort xizmati aksariyat hollarda zarurat, ayol salomatligi va oila ravnaqi uchun nihoyatda muhim, deydi mutaxassislar. Buning uchun mablag' cheklansa, xavfli abortlar avj olishi mumkin. Tibbiy xizmat sifatini ta'minlash donor davlatlarning yordamiga bog'liq.

AQSh rahbarining qaroridan norozi davlatlar mablag'dan ayriladigan tashkilotlar uchun 600 million dollar jamg'arishga bel bog'lagan. 100 million dollar allaqachon to'plangan.

Avstraliya ca Afg'oniston vazirlari, Bryussel, 2-mart, 2017
Avstraliya ca Afg'oniston vazirlari, Bryussel, 2-mart, 2017

Global salomatlik yo'lida va Immunitet taqchilligi sindromiga qarshi kurash bilan shug'ullanuvchi tashkilot vitse-prezidenti Jen Keyts Oq uy bergan farmon faqat abortga taalluqli emas, deya tushuntiradi. Bu cheklov bilan Tramp dunyo Amerikadan tibbiy yordam kutmasin, demoqda.

Immunitet taqchilligi virusi va sindromidan tortib, boshqa yuqumli va xavfli kasalliklarga qarshi zudlik bilan chora ko'rishda Amerika yetakchilik qilib kelgan va millionlab insonlar hayoti saqlab qolingan. Bunga chek qo'yish noinsoniylik va vijdonsizlik, deydi Keyts.

"Chunki abortga qarshimiz degan bahona bilan siz boshqa xizmatlar uchun ham mablag' ajratmayapsiz", - deydi mutaxassis.

Amerika nufuzi, unga nisbatan muhabbat aslida mana shunday ko'makka borib taqaladi. AQSh, dunyoning eng qudratli davlati, insonparvar va saxiy bo'lishi kerak va shu paytgacha shunday bo'lib ham kelgan, deydi Keyts.

Jahon ahliga mehr ko'rsatish har qanday harbiy kuchdan ustun. Prezident Tramp Amerika har sohada birinchi bo'ladi deganda bu mamlakatning global salomatlik yo'lida qo'shadigan hissasini ham hisobga olishi lozim.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG