Breaking News

"Buxarian Tayms" - Buxoro yahudiylarining Nyu-Yorkdagi nashri


"Bukharian Times" gazetasi

Har bir mamlakatda ildiz otgan etnik jamoaning rivojlanishi, o’zligini saqlab qolishi uchun o’z matbuotiga ega bo’lishi lozim. 1990-yillar boshlarida Amerikaga ko’chib kelgan Buxoro yahudiylari buni yaxshi tushungan holda 2002-yilda haftalik gazetaga asos soldi. "Amerika Ovozi" “Buxarian Tayms” gazetasining bosh muharriri Rafael Nektalov bilan suhbatda bo’ldi.

“Buxarian Tayms” yoki “Buxoro vaqti” gazetasining tahririyati Kvins rayonidagi AQSh va Kanada Buxoro yahudiylari kongressi binosida joylashgan. Gazetaga 2002-yilda asos solgan asli samarqandlik Rafael Nektalov Amerikaga 1993-yili kelgan.

“Sovet paytida bemalol harakatlana olmasdik, yahudiylarning ovozini eshittira olmasdik. Axir SSSRda antisemitizm davlat darajasida edi. Shuning uchun bo'lsa kerak, Buxoro yahudiylari musiqasiga doir dissertatsiyam turib qolgan edi. Amerika bizga rivojlanishda yordam beradi. Maktablarimizni bemalol ocha olamiz, o'z tilimizni erkin o'rgana olamiz, o'z muzeyimiz bor, o'z konsertlarimizni tashkil eta olamiz, dunyoni keza olamiz. Bunga Amerikada hech qanday to'siq yo'q”.

"Buxarian Tayms" - Buxoro yahudiylarining Nyu-Yorkdagi nashri
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:25 0:00

“Buxarian Tayms” Rafael Nektalovning uchinchi loyihasi. Bungacha u “Most” (Ko’prik), “Buxoro yahudiylari dunyosi” gazetalariga qo’l urdi.

“Haftalik gazetani ochish orzum edi. "Buxarian Tayms" ilk ana shunday gazetamiz bo'ldi. Sevimli jamoam uchun buning uddasidan chiqa olganimdan yuragim faxrga to'la”, - deydi Rafael Nektalov.

Tahririyatda 18 kishi mehnat qiladi. 60 minglik jamoa uchun 10 ming nusxada chiqadi.

Rafael Nektalov, "Bukharian Times" gazetasi bosh muharriri
Rafael Nektalov, "Bukharian Times" gazetasi bosh muharriri

“Xodimlarimizning intellektual darajasi juda yuqori. Deyarli hammasi dotsent va professor. Yolg'iz men dissertatsiyamni yoqlay olmadim. Gazetani rivojlantirishda mana shunday martabali odamlar bilan ishlash sharafiga muyassarman”.

Rafael Nektalov nafaqat matbuot xodimi, balki jamoaning eng faol a’zosi, bosh tashkilotchisi hamdir. Hech bir madaniy tadbir uning ishtirokisiz o’tmaydi. Markaziy Osiyodan kelgan jamoalarga ham yaqindan yordam beradi. Masalan, o’zbek tilida chiqadigan “Vatandosh” gazetasining rivojlanishida muhim rol o’ynagan.

“Amerikaga tobora ko'proq o'zbeklar kela boshlaganida va ular uchun o'z tashkilotlari, nashrini tashkil etish ehtiyoji tug'ilganida vatandoshlarimga bu ishda jon-jon deb yordam berganman. Bir-birimizga foydamiz tegsin, deymiz. Amerikada ikki elat jamoasi o'rtasida do'stona aloqalar shakllanganidan xursandmiz. Amerika immigratsiyasining o'ziga xosligi ham shunda. Hamma bir-biriga yordam beradi”, - deydi Nektalov.

Gazetada rus, o’zbek, tojik, ingliz, Buxoro yahudiylari tillarida maqolalar chop etib boriladi.

“Biz muntazam ravishda Markaziy Osiyo haqida ma'lumot beruvchi yagona nashrmiz. Bu mintaqaga va, ayniqsa, O'zbekistonga alohida iliqlik bilan yondashamiz, chunki bu bizning Vatanimiz. Anchadan beri bu yerda yashayotganimizga qaramay, kindik qonimiz to'kilgan joyga, jonajon o'lkamizga, mozorlarimizga muhabbatimiz buyuk. Shu sababdan gazetamizda O'zbekistonga tegishli ko'p materiallar bor”.

Buxoro yahudiylari AQSh va O’zbekiston o’rtasida ko’prik vazifasini bajaradi.

“Amerikaliklarning O'zbekistonga e'tiborini oshirishda Buxoro yahudiylarichalik hech kim ko'p ish qilmagan, hatto AQShdagi o'zbeklarning o'zi ham. Universitetlarda bo'lamiz, leksiyalar o'qiymiz, konsertlar uyushtiramiz, shashmaqom festivalini o'tkazganmiz. Kimga bag'ishladik uni, deng? Turg'un Alimatovga. Xalqaro anjumanlar o'tkazamiz, xalq diplomatiyasini olib boramiz. Bu ishlarimizning hammasi gazetamizda yoritilgan. Nashrimizning arxivi yangi immigratsiyaning solnomasidir”, - deydi gazeta bosh muharriri.

  • 16x9 Image

    Odil Ruzaliev

    Odil O'zbek xizmatiga 2005-yilda kelgan. Diktor va prodyuser. AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) xalqaro aloqalar sohasida magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekiston TV 1-kanalida ingliz tilidagi yangiliklar – FCN (First Channel News) – ko'rsatuvining muallif-boshlovchisi edi. "Axborot" dasturida mehnat qilgan. Odil ko'p yillar AQShning Toshkentdagi elchixonasi axborot bo'limida ishlagan. O'zbek, ingliz va rus tillarida chop etilgan qator maqolalar muallifi. Farg'ona shahrida tug'ilgan.

    Odil Ruzaliev is a reporter, radio and TV anchor, web editor and producer for Voice of America’s Uzbek Service since 2005. Prior to joining VOA, he worked at the State Radio and TV of Uzbekistan, BBC International’s Central Asia region, and was a regular Contributor for CNN World Report. He has also worked as an Information Assistant at the US Embassy in Tashkent, Uzbekistan. He was the creator and host of the TV program First Channel News, Uzbekistan’s first English language news broadcast. In his spare time he is a freelance photographer. A native of Ferghana Valley, Uzbekistan, Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. In addition, he was an exchange student at Pace University in New York City and holds a master’s degree in international affairs from the Fletcher School of Law and Diplomacy at Tufts University in Medford, Massachusetts.

XS
SM
MD
LG