Breaking News

Birma musulmonlari kelajakdan tashvishda


Diniy to'qnashuvlarda kuyib kul bo'lgan qishloqlar, Rakxayn shtati, Birma.
Diniy to'qnashuvlarda kuyib kul bo'lgan qishloqlar, Rakxayn shtati, Birma.
Birmaning Rakxayn shtatida yuz bergan etnik to’qnashuvlar ko’p insonlar hayotiga zomin bo’ldi. Kelajakda mamlakatning musulmon va buddist aholisi yana ahil yashab keta oladimi? AQSh prezidenti Barak Obama Birmaga qilgan tarixiy safari chog’ida shu masalani ko’tardi.

Birmada diniy guruhlar kelajagi, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:37 0:00
Yuklab oling

Prezident Obama Rangun universitetida so’zlagan nutqida mamlakatdagi siyosiy o’zgarishlarni qo’llab-quvvatlashini ta’kidladi. Ammo, avvalo, etnik va diniy ziddiyatlarni bartaraf etish lozim, dedi u.

“Milliy birlik bo’lmasa, muvaffaqiyatli islohot o’tkazish mumkin emas”, - dedi AQSh rahbari.

Rakxayn shtatida buddistlar va musulmonlar o’rtasida bo’lib o’tgan qonli to’qnashuvlarda kamida 170 odam halok bo’ldi. 100 mingdan ortiq aholi esa uy-joyini tashlab ketdi.

Qurbonlarning aksariyati fuqarolikka ega bo’lmagan roxinja xalqi, ya’ni musulmonlar.

Qochqinlar lagerlaridan birining boshqaruvchisi Shvey Laning aytishicha, musulmonlar qochoq sifatida yashashni ortiq istamaydi, ammo qaytib borib yana buddistlar bilan birga yashashdan ham qo’rqadi.

“Agar hukumat muammoga yechim topa olsa, biz yana birga yashashimiz mumkin. Aks holda, buning iloji yo’q. Hozir bir-birimizga gapirmaymiz, ularning oldiga borolmayman”, - deydi u.

To’qnashuvlar paytida ko’plab qishloqlar yoppasiga yonib kul bo’lgan. Masjidlar ham vayron qilingan. Hozir xavfsizlikni hukumat kuchlari ta’minlamoqda.

Qochqinlar uchun tashkil etilgan yana bir lager boshqaruvchisi O Kya Teynning aytishicha, roxinjalar ortga qaytishni xohlaydi, ammo aksariyatini vahima bosgan.

“Bizga bir necha bor hujum qilishdi. Aloqalarimiz butunlay uzildi. Har ikki jamoa bir-biridan alohida yashagani ma’qul endi”, - deydi u.

Rakxayn shtati ma’muriyati so’zlovchisi Vin Myin ikki xalq bir-biridan ajrab, bo’linib yashashiga hojat bo’lmaydi, deya umid qilmoqda.

“Bu mahalliy rahbariyatga bog’liq. Nima bo’lishini kutamiz. Ilgari bir-ikkita kichik to’qnashuvlar ro’y berganda, bir-ikki hafta yoki bir oy o’tgandan keyin yarashib, yana birga yashab ketganmiz. Ammo bu safar vaziyat butunlay boshqacha. Shuning uchun nima bo’lishini kutishimiz kerak”, - deydi rasmiy.

Hozir Rangundan kelgan politsiya kuchlari qochoqlar joylashgan lagerlarni qo’riqlamoqda. Shuningdek, shtat bo’ylab tinchlikni saqlash uchun minglab harbiylar safarbar etilgan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG