Breaking News

Human Rights Watch Birma hukumatini xunrezlikda aybladi


“Qo’limizdan kelgani - iltijo” deya nomlangan hisobotda 100 dan ziyod musulmon va buddistlarning guvohlik ko’rsatmalari bor.
“Qo’limizdan kelgani - iltijo” deya nomlangan hisobotda 100 dan ziyod musulmon va buddistlarning guvohlik ko’rsatmalari bor.
Inson huquqlari himoyasi bilan shug’ullanuvchi “Human Rights Watch” tashkiloti Birmani harbiy jinoyatlarda va ozchilik elatlarni qirganlikda aybladi.

Tashkilot ommaviy qabrlarni va butun boshli elatlarning uy-joyini tashlab chiqayotganini dalil qilib keltiradi.

Nyu-Yorkda asoslangan “Human Rights Watch” tashkiloti bugun 156 sahifalik hisobotni e’lon qilib, Birma rahbariyati va buddist rohiblarni ozchilikdagi musulmon elatga qarshi xunrezlikda aybladi.

Human Rights Watch Birma hukumati va buddistlarni xunrezlikda aybladi/Nasiba Tohir
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:57 0:00
Yuklab oling

“Qo’limizdan kelgani - iltijo” deya nomlangan hisobotda 100 dan ziyod musulmon va buddistlarning guvohlik ko’rsatmalari bor. Unga ko’ra, o’tgan yilning iyun va oktabr oylarida ro’y bergan xunrezlik taxminan 200 odamni hayotdan olib ketgan. 100 ming odam boshpanasiz qolgan, aksariyati - musulmonlar.

“Human Rights Watch” yaqinda yana to’rt ommaviy qabrni aniqladi va talofatlar avval o’ylanganidan ko’proq bo’lishi mumkin.

“Human Rights Watch”ning Osiyo bo’yicha mas’ul rasmiysi Fil Robertson javobgarlar jazosini olishi kerak, deydi.

“Bu qo’rqinchli qilmishlar tergov qilinib, jinoyat sodir etgan insonlar, jumladan, rasmiylar jazosini olsin. Birmadagi to’qnashuvlarni ichki jamoalar o’rtasidagi ixtilof, uzoq yillik adovat mahsuli deb ta’riflayotganlar yo’q emas. Ammo “Human Rights Watch” tashkiloti Rakxayn shtatida aniqlagan dalillar bu qabih ishlarga hukumat ham aralashganini ko’rsatmoqda. Odamlarni o’ldirish, ularning mol-mulkini vayron qilish va tug’ilib o’sgan yerlaridan quvishda rasmiylar bevosita ishtirok etgan”, - deydi huquq himoyasi bilan shug’ullanuvchi tashkilot vakili.

“Human Rights Watch” hisobotida yozilishicha, Birma hukumati, mahalliy ma’murlar, armiya, dengiz kuchlari va politsiya g’arbdagi Rakxayn shtatida aholini musulmon mahallalariga hujum qilishga undagan. Xususan, oktabr oyida musulmonlar mana shu tartibda qo’rqitilib, qishloqlardan haydab solingan.

Xalqaro huquq tashkiloti Birmadan mustaqil komissiyani mamlakatga kiritishni va insoniyatga qarshi jinoyatlarni puxta tergov qilishga imkon berishni so’rayapti.

Guruh Birmaga yordam uzatayotgan davlatlarni ham oraga tushib, hukumatdan elatlarga qarshi har qanday zulmni to’xtatishni talab qilishga undadi. Musulmon aholi o’z uylariga sog’-omon qaytishi uchun sharoit yaratish lozim, deyiladi “Human Rights Watch” hisobotida.

Birma hukumati matbuot kotibi Vin Myaing so’zlariga ko’ra, xavfsizlik kuchlariga qarshi da’volar asossiz. Huquq tashkiloti o’lkadagi asl vaziyatni tushunmayapti, deydi u. Demokratik islohotlarga halaqit berayotgan g’alayonni to’xtatish uchun hukumat Rakxaynga qo’shin jo’natishga majbur bo’lgan, deydi Vin Myaing.

Bu orada, Yevropa Ittifoqi Birmaga qo’yilgan iqtisodiy jazo choralarini olib tashlash ustida o’ylanmoqda. Mamlakat demokratik reformalarga yuz tutganidan beri Yevropa va Qo’shma Shtatlar o’tgan yili ayrim sanksiyalarni vaqtincha bekor qilgan edi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG