Breaking News

Joriy yilda Eronda ilk atom elektr stansiyasi ishga tushadi


Erondagi Busher atom elektr stansiyasi
Erondagi Busher atom elektr stansiyasi

Janubiy Kalilforniya universiteti professori Muhammad Sahimiyning aytishicha, Busher zavodi qurilayotganda zilzila ehtimoli inobatga olingan.

Yaponiyada Fukushima atom elektr stansiyasi zilzila va sunami oqibatida ishdan chiqib, atom energetikasi kelajagiga shubha bilan qaralayotgan bir paytda Eron Fors ko'rfazi bo'yida, Busher shahri yaqinida ilk atom elektrostansiyasini qurib bitkazdi. Zavod yil oxirigacha ishga tushishi rejalangan.

Busher stansiyasi qanday inshoot va Fukushimadagidan nimasi bilan farq qiladi?

11-martda Yaponiya shimolini urgan qo'shaloq ofat sabab inshootdagi reaktor sovitgichlari faoliyatini ta'minlovchi elektr quvvati uzildi. Bir necha kun ichida reaktorlar joylashgan uch binoda portlash yuz berib, radiatsiya tarqala boshladi.

Yaponiyada zilzilalar odatiy hol. Atom elektr stansiyalari bunday tabiiy ofatni nazarda tutib qurilgan. Biroq Fukushimadagi ahvol shundan dalolatki, eng yaxshi reja ham pand perib, tabiat oldida ojiz bo'lishi mumkin.

Zilzilalar Eronda ham tez-tez ro'y beradi. So'nggi yillarda o'n minglab odamlar bu ofat qurboni bo'lgan.

Eron ham atom energiyasi bobida boshqa davlatlardan qolishmaslikka harakat qilmoqda. Busherda zavod qurilib, tez orada ishga tushishi kutilmoqda.

Qurilish 1974-yilda boshlanib, oradan besh yil o'tib islomiy inqilob sabab to'xtab qolgan edi. So'ng sakkiz yillik Eron-Iroq urushi paytida ancha zarar ko'rdi. Qurilish 1995-yilda davom ettirilib, muhandislik Germaniyaning Simens kompaniyasidan Rossiyaga topshiriladi.

Janubiy Kalilforniya universiteti professori Muhammad Sahimiyning aytishicha, Busher zavodi qurilayotganda zilzila ehtimoli inobatga olingan.

"Eron Atom energiyasi tashkiloti xavfsizlik nuqtai nazaridan hududda zilzila ehtimolini obdon o'rgangan. Yadro reaktori odatda jiddiy zilzila bo'lish ehtimoli kam joyda quriladi. Busher inshooti qurilgan Eron janubi aktiv seysmik zona emas", - deydi Sahimiy.

Busherda Rossiyada ishlangan "VVER-1000" reaktori o'rnatilgan bo'lib, bir ming megavatt elektr ishlab chiqarish quvvatiga ega.

Nyu-yorklik yadro fizigi Upendra Roxatgi bu reaktor xususiyatlari bilan yaxshi tanishman, deydi.

""VVER-1000" Rossiyada ishlangan reaktorning so'nggi modeli. G'arbda ishlangan reaktorlarga o'xshab kuchli suv bosimi ostida ishlaydi. Barchasida xavfsizlik sistemasi bir. Rezervuarlari ham pishiq ishlangan", - deydi olim.

Busherdagi reaktor 1986-yilda Chernobilda portlagan reaktordan ancha farq qiladi. Rezervuari qalin bo'lib, beton va po'latdan ishlangan.

Rezervuar xavfsizlik choralaridan biri bo'lib, avariya bo'lgan taqdirda radiatsiya tarqalishining oldini oladi. Idish bir necha qatlamli bo'lib, uning ichi yoki tashqarisida portlash yoki ta'sir kuchiga chidamlidir.

Yaponiyaning Fukushima atom elektr stansiyasida ham shunday. Biroq shunga qaramay, reaktorlarning biri joylashgan rezervuar lat yegan bo'lishi taxmin qilinmoqda. Natijada ma'lum miqdorda radiatsiya tarqalgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG