Karter markazi Suriya mojarosini xaritaga tushirdi

  • Amerika Ovozi

Karter markazi tuzgan Suriya mojarosi xaritasi

Sobiq prezident Jimmi Karter nomli markazning mojarolarni hal qilish dasturi rahbari Hrayr Baliyanning aytishicha, Suriyada 2011-yilda urush boshlanganida mojaro haqida ma’lumot juda kam bo’lgan.

“Asosan propagandani ko’rar edik”, - deydi Atlanta shahrida joylashgan markazning asli livanlik xodimi.

“Urushning birinchi qurboni haqiqat” degan maqol Suriya urushiga ham taalluqli. Ayrim jurnalistlar halok bo’lgan, ba’zilari mamlakatni tark etishga majbur bo’lgan.

Biroq Suriyada raqamli texnologiyalar rivojlangani bois ma’lumotlar og'izdan og'izga, internet orqali tarqalmoqda.

Karter markazining sobiq tadqiqotchisi Kristofer Maknaboning aytishicha, Yaqin Sharq ahli siyosiy va diniy qarashlarini internet orqali faol baham ko’rishga o’rgangan.

"Suriya mojarosini oladigan bo’lsak, bu faollik yanada yuqori. Videolar, Facebook postlar, tvitlar, fotosuratlar ko’plab almashinadi. Suriyaliklar juda faol, axborotni tarqatishga qattiq urinmoqda”, - deydi u.

Mutaxassisga ko’ra, markaz suriyaliklar internetda ulashgan ma’lumotlarni kuzata boshlagan, zo’ravonliklar kuchaygani sari odamlarning Suriya xavfsizlik kuchlarini tark etayotgani ma’lum bo’ldi.

Markaz masalaga chuqurroq nazar tashlab xavfsizlik kuchlarini kimlar tark etganini, ularning qayerga borib, kimlarga qo’shilganini, ularga kim qo’shilganini qayd qila boshladi. Shundan keyin Hrayr Baliyan mojaroning tobora murakkablashayotgan tomonlarini tushuna boshlaganini aytadi.

"Ana shunday metodika yordamida Suriyada jang qilayotgan 7000 dan ortiq qurolli muxolif guruhlar tuzilishini hujjatga tushirdik. Aksariyatidan nom-nishon qolmagan bugun”, - deydi Baliyan.

Markaz tadqiqotchilari interaktiv xarita tuzib, mojaro qatnashchilarini mojaroning turli bosqichida belgilab chiqgan. Xaritaga qarab mojaro tarixi, evolyutsiyasi va o’zgaruvchan front chiziqlarini ko’rish mumkin.

"Loyiha internetga joylashtirilgan bo’lib, unda siyosiy bayonotlar, Suriya xavfsizlik kuchlari safidagi dezertirlik holatlari, janglar tasvirlangan videolar, jangari guruhlar, gumanitar yordam haqida ma’lumot topish mumkin", - deydi Kristofer Maknabo.

Karter markazi bu xarita yordamida Suriya mojarosi bilan shug’ullanuvchi guruhlar va tashkilotlarga maslahat berishga tayyor.

“Birlashgan Millatlar Tashkiloti mamlakatga gumanitar yordam yetkazmoqchi bo’lsa, biz ularga eng yaxshi yo’lini aytishimiz mumkin”, - deydi Maknabo.

Sobiq prezident Jimmi Karterning aytishicha, Rossiya 2015-yil oxirida Suriyada harbiy harakatlarini boshlashga hozirlik ko’rayotganida u Prezident Vladimir Putin bilan bog’lanib, unga maslahat bergan.

"Biz rus samolyotlarining to’g’ri nishonlarni urishini istadik. Men elchixona orqali Putin bilan bog’lanishga harakat qildim va xaritamizni taklif qildim. Ertasiga menga qo’ng’iroq qilishib, xaritaga qiziqishlari borligini bildirishdi", - deydi Karter.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG