Breaking News

Markaziy amerikalik migrantlar AQSh chegarasida


Salkam bir oylik mashaqqatli sayohatdan so’ng markaziy amerikalik migrantlar AQSh-Meksika chegarasiga yetib keldi. Manzilga yetguncha ular yayov yurdi, avtobus, poyezddan foydalandi.

AQSh chegarasida markaziy amerikaliklar karvoni
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:04 0:00

AQSh Immigratsiya xizmati rasmiylariga ko’ra, chegaraning Kaliforniya tarafidagi o’tish punktlari qochqinlik maqomini olmoqchi bo’lgan odamlar bilan to’la. Yangi kelganlar chodirlar qurib, kutishga majbur. Salkam 150 ayol, erkak va bola Amerika tomonidan qabul qilinmasa, taqdiri nima bo’lishini hech kim bilmaydi.

O’z mamlakatlaridagi zo’ravonliklardan qochgan migrantlar yo’l mashaqqatlariga qaramay, tavakkal qilishga majbur bo’ldi.

“Imkoniyat uchun shukur qilaman”, - deydi gonduraslik mana bu odam.

AQSh qonuniga ko’ra, Amerikaga boshpana izlab kelgan odamlar ularga qarshi zo’ravonlik va ta’qiblar tahdidi haqiqiy ekanini isbotlab berishi kerak. Biroq AQSh-Meksika chegarasiga migrantlar kelishda davom etarkan, immigratsiya xizmati rasmiylari 300 kishini sig’dira oladigan o’tish punkti to’lganini aytmoqda.

“Arizalarni rasmiylashtirish sekinlashdi. Imkoniyatga qarab ishlayapmiz, deyishyapti. Dunyodagi eng qudratli mamlakatda 200 ta qochqinning ishini tezda ko’rib chiqisha olmasa, bu qanaqasi bo’ldi”, - deydi berilgan rasmiy sabablarga ishonmayotgan advokat Nikol Ramos.

Ko’p migrantlar o’tish punkti darvozasi yonida, ko’chada tunashga majbur. Prezident Tramp migrantlar karvonini nazoratiga olganini aytdi. U, shuningdek, immigratsiya xizmati hibsxonalarida saqlanayotgan migrantlarning qochqinlik maqomi ko’rilgunga qadar ozod etilib, AQShga kiritilishiga imkon beruvchi siyosatni keskin tanqid qildi.

“Mulkimizga, mamlakatimizga qo’l tekkizgan odamlarni ushlab, so’ng mamlakat ichkarisiga qo’yib yuborish to’g’ri emas. Bunday qonunni o’zgartirish kerak”, - dedi u.

AQShning rasmiy chegara punktlarida qochqinlik maqomiga ariza berayotganlar qonunni buzgan hisoblanmaydi. AQShning Meksika bilan 3000 kilometrlik chegarasini nazorat qilayotgan Chegara patruli xizmati migrantlarga boshqa joylardan o’tishga harakat qilmaslikni tavsiya qilmoqda.

“Ular Amerikaga kelishni orzu qiladi, shunga muhtoj, buni tushunamiz. Biroq mamlakatimizda o’ziga yarasha qonunlar bor. Ularga rioya qilish kerak. Davlatimizga kelayotgan odamlar qonunlarimizni hurmat qilishi kerak”, - deydi Chegara xizmatidan Xorxe Rivera.

Amerikada qo’nim topish umidida uzoq va xatarli sayohatga chiqayotgan odamlarning yarmini o’smirlar tashkil qiladi. Hammasi ham qochqinlik maqomini ololmasligini yaxshi biladi. Luis Pavon umidini uzib, Meksikada qolishga qaror qildi; rafiqasi va qizi esa ariza to’ldirmoqda.

“Gondurasda ko’plar halok bo’ldi. Oilam ham nobud bo’lar edi. Bu yerda qolsam, bir kun kelib, ularni ko’rarman axir”, - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG