Breaking News

Markaziy osiyolik jangarilar vataniga qaytsa nima bo'ladi?


“Islomiy davlat” Suriya va Iroqdagi hududlarini tobora yo’qotib borarkan, Moskva ko’plab markaziy osiyolik jangarilarning vataniga qaytishidan xavotirda. Bu esa mintaqada beqarorlik urug’ini sochishi, shuningdek, Rossiya xavfsizligiga ham tahlika solishi mumkin, deydi kuzatuvchilar.

Tahlilchilar “Islomiy davlat” takribida markaziy osiyoliklar borligini tasdiqlaydi, lekin Rossiya sarosimaga tushayotgan darajada emas.

Vashington Milliy mudofaa universiteti tadqiqotchisi Tomas Linchning kuzatuvlariga ko’ra, Suriya va Iroqdagi o’rta osiyoliklar mintaqa xavfsizligiga tahdid solishini tasavvur qilish qiyin. Bu shaxslar Rossiyadan chiqib ketgan va Markaziy Osiyoga kelib terror harakatlari uyushtirishi ehtimoli juda kam, deydi u.

Amerika Tashqi siyosat kengashining Rossiya bo’yicha tahlilchisi Stefan Blank Tomas Linchning tahliliga qo’shimcha qilib, “Islomiy davlat” tarkibidagi markaziy osiyoliklarning katta qismi “Islomiy davlat”ga mintaqadan to’g’ridan-to’g’ri borib qo’shilmaganini, ular Rossiyada ishlab yurgan mehnat muhojirlari bo’lganini aytadi.

“Ular uylaridan uzoqlashib ketgan; hayotlari og’ir bo’lgani uchun islomiy-inqilobiy da’vatlarga moyil bo’lgan, - deydi Blenk. – Ularning ortga qaytishi ehtimoli kam”.

Iroq va Suriyadagi IShID, “Al-Nusra” va boshqa terrorchi guruhlar uchun xorijlik jangarilarni yetkazib berish bo’yicha Markaziy Osiyo uchinchi eng katta hudud hisoblanadi. 2012-yildan beri bu regiondan Iroq va Suriyaga kelganlar soni to’rt mingdan oshgan.

Yolg’iz rejalashtirilgan xurujlar

Ayrim tahlilchilar yolg’iz harakatlanadigan terrorchilar xurujlarini ehtimoldan soqit qilmaydi. Bundaylarning paydo bo’lishi IShID bilan aloqa o’rnatishga bog’liq emas; ular dunyoning istalgan joyida bo’y ko’rsatishi mumkin, deydi kuzatuvchilar.

“Bu narsa London yoki Madridda keng beqarorlikka sabab bo’lmaganidek, Almati, Bishkek yoki Dushanbeda ham jiddiy beqarorlikka olib bormaydi”, - deydi Markaziy Osiyo bo’yicha ekspert Noa Taker.

Takerga ko’ra, ayrim jangarilar qo’lidagi qurolini tashlasa, boshqalari Suriyadan keyin yangi mojaro o’choqlariga ketishi mumkin.

Yechim bormi?

Takerning aytishicha, markaziy osiyolik jangarilar oldida faqat bir yo’l turibdi: janggohlarda o’lish yoki xudkushlik hujumlarini amalga oshirish.

“Ortga chekinayotgan Suriya va Iroqdagi arab jangarilari aholiga qo’shilib ketib, ko’zdan g’oyib bo’lishni eplay oladi, lekin markaziy osiyoliklarda bunday imkoniyat yo’q. Ular oldidagi yagona yo’l o’lguncha urishish”, - deydi tahlilchi.

Xorijliklarning ketishiga “Islomiy davlat” ham ruxsat bermaydi.

Ayrim tahlilchilarning aytishicha, Rossiya markaziy osiyoliklarning ortga qaytishiga yo’l qo’ymaslik uchun urush janggohlarida imkon qadar ko’proq o’rta osiyoliklarni o’ldirishga urinmoqda.

Vashingtonda joylashgan ekspert Arastun Orukloga ko’ra, Moskva Suriya inqirozini o’z mintaqasidagi radikallashgan shaxslardan qutilish vositasi sifatida ko’rmoqda. Rossiya bunday toifadagi shaxslarning Suriyaga ketishiga imkon berib, so’ng u yerda ularni yoppasiga yo’q qilish choralarini ko’rmoqda, deydi u.

Boshqa kuzatuvchilar esa Markaziy Osiyo uchun eng katta tahdid qaytish ehtimoli bo’lgan jangarilar emas, balki mintaqa davlatlarning repressiv siyosati ekanini aytadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG