Breaking News

Nyu-York Markaziy bog’ida dala kasalxonasi o’rnatilgan


Nyu-York shahrining Markaziy bog’i (Central Park) ham shu kunlarda favqulodda dala kasalxonasiga aylangan. Shahardagi kasalxonalarda joy yetishmayotgani sabab yangi koronavirusga chalingan odamlarni bu yerga olib kelishmoqda.

Ushbu palatkali kasalxonada 68 ta yotoq bo’lib, shahardagi “Maunt Sinay” kasalxonasi bemorlarining bir qismi Markaziy Bog’ga yo’naltirilmoqda.

Dala kasalxonasini o’rnatishda 60 ga yaqin ko’ngilli qatnashgan, ayni odamlar uning kundalik faoliyatida ham ishtirok etmoqda.

Ulardan biri Shelli Kelli bo’lib, Oklaxoma shtatidan kelgan bu hamshira bevosita bemorlar bilan ishlaydi.

“Bu joy bemorlar bilan bir kunda to’lishi kutilmoqda. “Maunt Sinay” kasalxonasi hozirdan bemorlar bilan to’lgan. Reanimatsiya bo’limimizda sun’iy nafas oldirish apparatlarini tayyor qilib qo’yganmiz. Bir necha chodirda palatalar o’rnatganmiz”, - deydi Kelli.

Dala kasalxonasi bugundan boshlab ishga tushadi.

O’tgan hafta AQShning Virjiniya shtatidagi harbiy-dengiz bazasidan yo’lga chiqqan harbiy tibbiy kema Nyu-Yorkka yetib borgan. Zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlangan kema Nyu-Yorkning bemorlar bilan to’lgan kasalxonalariga yordam beradi. Boshqa kasallik bilan yotgan odamlar kemadagi palatalarga joylashtirilib, kasalxonadagi yotoqlarini koronavirusga chalingan bemorlar uchun bo’shatadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG