Breaking News

Pekin Janubiy Xitoy dengizida mudofaa zonasini yaratishi mumkin


Bahsli Spratli orollari yaqinida Xitoy kemalari yuribdi, 21-may, 2015-yil.
Bahsli Spratli orollari yaqinida Xitoy kemalari yuribdi, 21-may, 2015-yil.

Amerikalik va xalqaro xavfsizlik ekspertlarining ogohlantirishicha, Pekin Janubiy Xitoy dengizida bahsli orollar uzra mudofaa zonasini yaratishiga oz qoldi.

Pekin o’tgan bir yilda qator orol va qoyalarga da’vo qilib, xususan, hududda sun’iy orollar ham barpo etmoqda. Amerika va mintaqadagi boshqa davlatlar Xitoyning bu ishlaridan norozi.

AQSh Senatining Qurolli kuchlar qo’mitasi raisi Jon Makkeyn sozlariga ko’ra, orollar barpo etish havo zonasini yaratishning boshlanishidir.

Uning aytishicha, Xitoy endi orollarda harbiy inshootlarni joylaydi va Janubiy Xitoy dengizi ustidan da’volarini kuchaytirish uchun Havo mudofaa zonasini e’lon qiladi.

“Ular uchish yo’laklari quradi, qurollar joylashtiradi. Keyingi qiladigan ishlari esa hududdan biror Amerika samolyoti o’tsa - savdo layneri bo’ladimi yo boshqami - o’zingni tanishtir, deb mudofaa zonasini ishga soladi. Bu esa hududga egalik o’rnatilganini bildiradi”, - deydi senator Makkeyn.

Havo mudofaa zonasi, odatda, davlatlar tomonidan quruqlik yoki suvda joriy qilinib, hududga kirayotgan xorij samolyotlaridan o’zini tanishtirishni va kirishga ruxsat olishni talab qiladi. Ehtimoliy havo hujumlarini qaytarish uchun bunday zona davlat chegarasidan tashqaridagi hududlarni ham qamrab olishi mumkin.

Janubiy Koreya va Yaponiya o’z chegarasidan tashqarida ana shunday havo zonalarini o’rnatgan. 2013-yil Xitoy ham Sharqiy Xitoy dengizida ana shunday mudofaa hududini tashkil qilgan edi.

Avstraliya Strategik siyosat instituti rahbari Pinet Jenningsning aytishicha, Pekin tugal qarorni Prezident Si Zinpinning AQSh safari o’tguncha ortga surib turishi mumkin.

Janubiy Xitoy dengizida xavfsizlikda Amerikaning roli mavzusida Vakillar palatasida o'tgan tinglovda AQSh dengiz floti kolleji professori Endryu Eriksonning aytishicha, Xitoy bunday hududni ikki yil ichida e’lon qiladi.

Spratli orollarida qurilayotgan 3000 metrli uchish yo’lagidan havo sarhadlarini qo’riqlashda foydalanish ko’zda tutilgan, deydi u.

Pekin Sharqiy Xitoy dengizi uzra shunday zona e’lon qilganda, AQSh keskin munosabat bildirib, uni tan olmagan edi.

Eriksonning aytishicha, Xitoyni to’xtatadigan biror qoida yo’q. Amerikaning xavotiri shuki, Pekin havo zonalaridan to’g’ri maqsadda foydalana olmasligi ehtimoldan xoli emas.

Agar bu yerga kirgan samolyot Xitoy talablariga rioya qilmasa, harbiy choralar ko’rilishi mumkin, deydi u.

Xitoy o’z chegarasi yaqinida bunday zonalarni barpo etish huquqiga ega ekanini aytib keladi.

Pekin Janubiy Xitoy dengizidagi orollarning aksariyatiga da’vo qilib, bu masalada hatto qo’shni davlatlar bilan keskin munozaraga ham kirishgan.

Mintaqadagi mamlakatlar Xitoyni bahsli hududlarda sun’iy orollar qurayotganlikda va ulardan harbiy maqsadlarda foydalanishni ko’zlayotganlikda ayblaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG