Pekin inqirozga uchragan shimoli-sharqiy mintaqani rivojlantirmoqchi

  • Amerika Ovozi

Lyaonin viloyati poytaxti Shenyan shahri

Xitoyda iqtisodiy o’sish 2017-yilda 6,5 foiz atrofida bo’lishi bashorat qilinmoqda. O’tgan yili o’sish 0,2 foizga ko’proq edi. Xitoy Milliy xalq majlisining Pekinda ish boshlagan yillik sessiyasida iqtisodiy masalalar atroflicha muhokama etilmoqda.

“Amerika Ovozi” sanoatlashgan Lyaonin viloyati poytaxti Shenyanda bo’lib, iqtisodiy vaziyat bilan tanishdi.

Shenyandagi osmono’par binolarni ko’rgan odam Xitoyda iqtisodiyot sekinlashganiga ishonmaydi. Lyaonin o’tgan yili mamlakatda iqtisodiy inqirozga uchragan yagona viloyat bo’ldi. Shunga qaramay, ko’chalarda katta qurilishlar to’xtagani yo’q. Shu oy Shenyanda yangi savdo va ko’rgazma pavilyonining ochilishi kutilmoqda, metro tizimi kengaymoqda.

Shaharda ko’plab savdo markazlari bor, ammo aksariyat do’konlar bo’sh, ijaraga do’kon taklif qiluvchi ko’plab e’lonlarni ko’rish mumkin. Ofislar uchun shaharda ijaraga berilayotgan joylarning 40 foizi ishlatilmayapti.

Markaziy hukumat mintaqadagi ahvoldan xavotirda.

“O’tgan yilda qilingan ishlarga nazar tashlaydigan bo’lsak, shimoli-sharqiy mintaqa taraqqiyoti yo’lida hali ancha ishlar qilish kerakligini bilsa bo’ladi. Bu nafaqat kuchli siyosat, balki qattiq ishonch ham talab qiladi”, - dedi Kommunistik partiya vakili.

Shenyan shahrida “Amerika Ovozi” bilan suhbatda bo’lgan ba’zi odamlar mavhumlik ularni xavotirga solayotganini bildirdi.

“Axborot texnologiyalari bilan shug’ullanayotganlar og’ir davrni boshdan kechirmoqda. Iqtisodiy o’sishning sekinlashgani daromadlarning qisqarishiga, savdo hajmining tushishiga yetakladi”, - deydi Yan ismli bir ayol.

“Moliya sohasi oldingiday chaqqon va farovon emas. Xususiy kreditlarni olish hali ham oson, ammo moliya sektorida biznes qilish qiyinlashdi, istiqbollar yaxshi emas”, - deydi Li ismli yana bir juvon.

Ayrimlar nazarida, turizm sohasi bunday sharoitdan unumli foydalanishi mumkin.

“Savdo ishlari bilan ko’p shug’ullandim. Telefonlar sotdim, ko’chmas mulk sohasida ishladim. Bu ishlar ketidan ancha odamlar bilan tanishib oldim, shunga hozir turizm bilan shug’ullanyapman”, - deydi Shan ismli shenyanlik.

Mintaqada qarzga botgan davlat korxonalarini restrukturizatsiya qilish oson emasligi aytiladi. Yana bir muammo - yoshlarning Shenyanda qolishini ta’minlash, shunda, deydi ko’chmas mulk bozorini o’rganuvchi mutaxassis Sabrina Vey, ular mahalliy iqtisodiyotni rivojlantirishga yordam beradi.

“Infratuzilma ish o’rinlarini yaratadi, albatta, ammo bu qanchaga yetishi mumkin? Xitoy shimoli-sharqida iqtisodiy o’sish 2-3 yil davom etar balki, biroq undan so’ng iqtisodiyotni qanday jadallashtiramiz”, - deya so’raydi ekspert.

Markaziy hukumat shimoli-sharqni rivojlantirish uchun 130 loyiha rejalagan, shu maqsadda milliardlab dollar ajratilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG