Breaking News

Xitoy majburiy mehnat haqida da'vo qilayotgan kompaniyalarni nishonga olmoqda


Kiyim-kechak va poyabzal ishlab chiqaruvchi H&M, Nike va boshqa xorijiy kompaniyalar Xitoyning Shinjon viloyatida paxta majburiy mehnat hisobiga terilayotgani haqida xavotir bildirishi ketidan xitoylik rasmiylar bu kompaniyalarni shoshma-shoshar xulosa chiqarmaslikka da’vat etmoqda.

Xalqaro hayot – 29-mart, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:33 0:00

O’tgan hafta Xitoy ijtimoiy tarmoqlarida H&M kompaniyasining o’tgan yilgi bayonoti tarqaldi. Taniqli brend majburiy mehnat hisobiga terilgan paxtadan foydalanmasligini bildirgan edi.

Xitoyliklar bayonotni g’azab bilan qabul qildi va qator xorijiy kompaniyalar mahsulotlarini boykot qilishga kirishdi.

“Kompaniyalar iqtisodiy faoliyatiga siyosiy tus bermasligi kerak. H&M bundan keyin Xitoy bozorida pul ishlashi mumkinmi? Yo’q, albatta”, - deydi Shinjondagi mahalliy hukumatning bir vakili.

Yevropa Ittifoqi, Qo’shma Shtatlar, Kanada, Buyuk Britaniya Pekinni Shinjonda uyg’urlar va ozchilikdagi boshqa etnik guruhlar huquqlarini poymol etayotganlikda, ularni lagerlarda saqlayotganlikda ayblab, sanksiyalar e’lon qildi. Xitoy hukumati bu ayblovlarni inkor etarkan, qarshi sanksiyalar joriy etdi.

Xitoyliklar Shinjon paxtasini boykot qilgan kompaniyalar mahsulotlarini sotib olmasligini aytmoqda.

"Xitoyliklar vatanparvar insonlar. Agar bu brendlar hozirgi kampaniyasini to’xtatmasa va uzr so’ramasa, ularning mahsulotlarini boykot qilish harakatini men ham qo’llab-quvvatlayman”, - deydi pekinliklardan biri.

Xitoy televideniyesida ishlovchi taniqli uyg’ur teleboshlovchisi Ne’mat Rahmon va bir necha mashhur aktyor Shinjon paxtasini reklama qilib, majburiy mehnat haqidagi da’volarni inkor etib chiqdi.

Qo’shma Shtatlar Pekinni ijtimoiy tarmoqlarda xalqaro kompaniyalarga qarshi targ’ibotni bas qilishga chaqirdi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish Shinjonda uyg’urlarning ta’qib etilayotgani haqidagi xavotirli ma’lumotlarni tekshirish uchun viloyatga vakilini yuborish xususida Xitoy bilan muzokara ketayotganini ma’lum qildi.

BMTning Inson huquqlari bo’yicha Oliy komissari Mishel Basheletning o’tgan oy aytishicha, Shinjonda majburiy mehnat, asossiz qamoqqa olishlar, uyg’urlarning xo’rlanishi, jinsiy zo’ravonliklar haqidagi xabarlar mustaqil va sinchkov tergov talab qiladi.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Jao Lijianning aytishicha, Pekin oliy komissar tashrifiga qarshi emas, ammo tashrifdan maqsad aybdorlik prezumpsiyasini o’z ichiga olgan tergov emas, muloqot va hamkorlik bo’lishi kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG