Breaking News

Xitoy - 2020-yilda matbuot erkinligi buzg'unchilari orasida peshqadam


Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Van Venbin

“2020-yilda qaysi davlat matbuotni eng ko’p ta’qib qildi” degan savolga ayrim mutaxassislar Xitoy deya javob bermoqda.

Xalqaro hayot – 31-dekabr, 2020-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:26 0:00

Koronavirus epidemiyasiga doir ma’lumotni oshkor etganlarni qamash, Gonkongda xorijiy jurnalistlar faoliyatini cheklash, ko’plab hibsga olishlarga sabab bo’layotgan miliy xavfsizlik haqidagi qonunni qabul qilish Xitoyni bu borada peshqadam qilib qo’ydi.

“Nazarimda, ketayotgan yilning jiddiy bezovtalanishga sabab holati pandemiya soyasida qolib ketgandek. Bu – Gonkongdagi vaziyat. Matbuot erkinligini hurmat qiluvchi liberal jamiyatlar va matbuotni hukumatning karnayi deb biluvchi avtoritar jamiyatlar o’rtasidagi kattaroq to’qnashuvga misoldir bu”, - deydi Xalqaro matbuot instituti direktori muovini Skott Griffen.

Pekin xorijiy jurnalistlar uchun vizalar va rusxatnomalarni kechiktirib, xalqaro mavzularning yoritilishini paysalga soldi.

Avstraliyalik muxbir Bill Birtls politsiya surishtiruvidan so’ng mamlakatni tark etishga majbur bo’ldi. Dekabr oyida esa gonkonglik noshir Jimmi Lay, AQShning “Blumberg” va “Nyu-York Tayms” axborot vositalarida ishlovchi xitoylik jurnalistlar hibsga olindi.

“Gonkongda milliy xavfsizlikka doir qonun qabul qilinishi ketidan matbuot erkinligiga jiddiy zarba berildi. Bundan chuqur tashvishdamiz, chunki ko’p yillardan beri matbuot erkinligi hukm surgan bu jamiyat ko’zi o’ngida, jahon ko’zi o’ngida bu erkinlik yo’q qilindi”, - deydi Griffen.

Pekin AQSh hukumatining xitoylik muxbirlar vizasini cheklashiga javob berayotganini bildiradi.

“AQSh jurnalistika erkinligi haqida maqtanadiyu, ammo xitoylik muxbirlarning Amerikadagi faoliyatiga halal bermoqda, jurnalistika erkinligi bobidagi ikkiyuzlamachiligini oshkor etib”, - deydi Xitoy Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Van Venbin.

Vashington AQShda faoliyat yuritayotgan Xitoy davlat matbuotini xorijiy agentlar deb bilarkan, ularning vizalarini Pekinning xorijiy jurnalistlarga muomalasidan so’ng cheklaganini bildirmoqda.

“Xitoy erkin matbuot faoliyatini yanada cheklashidan afsusdaman. Axir bu dunyo uchun shunday og’ir damda Xitoy xalqiga ham yaxshi bo’lardi, chunki axborotning ko’pligi, shaffofligi insonlar hayotini saqlab qoladi”, - deydi AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo.

Xitoy uyg’urlar kabi etnik ozchilikdagi guruhlarning tahqir etilishini yoritgan yoki hukumatning bu boradagi siyosatini tanqid qilgan jurnalistlarni ham qamashni odat qilgan.

Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasiga ko’ra, 2020-yilda Xitoyda 47 muxbir qamalgan – dunyo bo’yicha eng katta ko’rsatkich.

“COVID-19, pandemiyaning kelib chiqishi va hukumatning bu boradagi siyosatiga doir xabarlar Xitoyda jurnalistlarning qamalishiga, xorijiy muxbirlarning mamlakatdan haydalishiga sabab bo’ldi”, - deydi tashkilot xodimi Kortni Redsh.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG