Xitoy poytaxti Pekinda ikkinchi xalqaro aeroport ishga tushdi. Prezidenti Si Zinpin yangi aeroportning tantanali ochilish marosimida qatnashdi. Mutaxassislarga ko’ra, bu dunyoda bitta bino ichida joylashgan eng yirik aeroportdir.
Dasin xalqaro aeroporti Xitoy Xalq Respublikasining 70 yillik yubileyi oldidan ochildi. Ilk tijoriy reys mamlakat janubidagi Guandun viloyatiga amalga oshirildi.
Aeroport faoliyatining boshida faqat ichki reyslar amalga oshiriladi, biroq bahordan boshlab 112 xorijiy yo’nalish bo’ylab samolyotlar ucha boshlaydi.
Dengiz yulduzi shaklida qurilgan imorat salkam besh yilda ishga tushdi, qurilishiga taxminan 17 milliard dollar sarflandi. Uning dizayni muallifi britaniyalik-iroqlik me’mor Zaha Hadid bo’lib, asosiy terminali bir million kvadrat metr yoki 100 ta futbol maydoniga teng.
Aeroportda to’rtta uchish yo’lagi bor, kelajakda yana uchtasining qurilishi rejalangan.
2022-yilga borib Xitoy parvozlar soni bo’yicha AQShdan o’zib ketishi bashorat qilingan. Dasin aeroporti yiliga 72 million yo’lovchiga xizmat ko’rsatish salohiyatiga ega.
Ayni paytda Jorjiya shtatining Atlanta shahrida joylashgan “Xartsfild-Jekson” xalqaro aeroporti dunyodagi eng yirik aeroport bo’lib, yiliga 107 milliondan ziyod yo’lovchiga xizmat ko’rsatadi. Ikkinchi o’rinda Pekinning Poytaxt xalqaro aeroporti.
Facebook Forum