Breaking News

Xitoy Osiyoda erkin savdo hududini yaratish niyatida


Xitoyning Shanxay shahrida tajriba sifatida erkin savdo hududi barpo etilgan.
Xitoyning Shanxay shahrida tajriba sifatida erkin savdo hududi barpo etilgan.
Global iqtisodiyot sust rivojlanayotgan bir paytda Osiyo mamlakatlari jadal o’sishda davom etmoqda. 10-aprel kuni Xitoyda o’tgan xalqaro iqtisodiy forumda Osiyo bo’ylab iqtisodiy integratsiyani kuchaytirish hamda erkin savdo hududini yaratish masalasi tilga olindi.
Xitoy va mintaqaviy erkin savdo hududi, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:02 0:00
Yuklab oling
Xitoyning Boao shahrida dunyoning 50 dan ortiq mamlakatidan kelgan tadbirkorlar va siyosatdonlar Jahon iqtisodiy forumining Osiyo modeli deya ataladigan mintaqaviy anjumanga yig’ildi. Unda Xitoy Bosh vaziri Li Ketsyan ishtirok etib, mamlakatlar o’rtasidagi hamkorlik va savdoni kuchaytirish masalasiga urg’u berdi.

“O’tgan 10 yil ichida Osiyodagi savdo bir trilliondan 3 trillion dollarga chiqdi. Osiyo mamlakatlarining jami savdosida bu ulush 30 foizdan 50 foizga o’sdi. Ammo bu Yevropa ittifoqi ichidagi savdo hajmidan ancha kam”, - dedi Xitoy rasmiysi.

Xitoy Janub va G’arbdagi qo’shnilari bilan savdoni kengaytirish maqsadida yangi infratuzilma bunyod etuvchi loyihalarni ko’paytirish tarafdori.

Asosiy e’tibor transport va energiya ta’minotiga qaratilayotgan bo’lsa-da, xizmat ko’rsatish va moliyaviy kompaniyalarni ko’proq jalb etish uchun Pekin erkin savdo zonasini yaratishni ham targ’ib qilmoqda.

O’tgan yili tajriba sifatida Shanxayda erkin savdo hududi tashkil etilgan edi. Shundan beri Xitoyning boshqa o’nlab shaharlari ham shunday zonalarni yaratish xohishi bilan chiqdi.

AQSh tomonidan tashkil etilgan va Tinch okeani mintaqasi davlatlarini qamrab oluvchi erkin savdo zonasiga Xitoy kiritilmagan. AQShga ko’ra, Xitoy iqtisodiy hududning mehnat kafolatlari hamda atrof-muhit himoyasi bilan bog’liq shartlarini bajara olmagan.

Bosh vazir Li Ketsyan Osiyo yig’inida Tinch okeani mintaqasi savdo hududini ham tilga olib, Xitoy hamkorlik uchun takliflarga ochiq ekanini aytdi.

“Agar bu hamkorlik global erkin savdo uchun foydali bo’lsa, Xitoy u bilan ishlash imkoniyatlarini ko’rishdan baxtiyor bo’ladi”, - dedi u.

Xitoy iqtisodiyotining o’sishi so’nggi paytlarda biroz sekinlashgani sezilmoqda. Mamlakat rahbariyati bozor talablariga moslashish uchun iqtisodiy siyosatini qayta ko’rib chiqish niyatida.

Tahlilchilarga ko’ra, Xitoyda olib borilayotgan islohotlar mintaqaviy erkin savdo shartnomasi talablarini bajarish maqsadida amalga oshirilmoqda. Gonkongdagi “ANZ” banki iqtisodchisi Li-Gan Li shunday fikrda.

“Xitoy AQSh boshchiligidagi Tinch okeani mintaqasi savdo shartnomasida ishtirok etishni xohlayapti. Kelajakda bunday katta iqtisodiy zonadan chetda qolishni istamaydi. Shuning uchun u tezkor iqtisodiy islohot o’tkazish yo’lidan ketyapti”, - deydi u.

Xitoy Bosh vaziri mintaqada hududiy nizolar davom etayotgan bir paytda iqtisodiy hamkorlik olib borish qiyin kechishini tan oldi. Uning aytishicha, Xitoy hududiy da’volarni faqat tinch yo’l bilan hal qilish tarafdori. Ammo Janubiy Xitoy dengizida tinchlik va barqarorlikka rahna soluvchi harakatlar sodir etilsa, ularga keskin javob qaytariladi, deydi u
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG