Xitoy AQShga suvosti dronini qaytardi

  • Amerika Ovozi

Janubiy Xitoy dengizi bir necha mamlakat orasida talash

Xitoy o'tgan hafta xalqaro suvlarda musodara qilgan AQSh suvosti dronini egasiga qaytarib berdi.

Pentagon bu ma'lumotni tasdiqlab, dengiz qonunlari ustuvor ekanini eslatmoqda. AQSh Mudofaa vazirligiga ko'ra, Xitoy harbiy dengiz floti xalqaro qonunlarga bosh egayotgani ijobiy hol. Amerika suvosti droni Xitoyga tegishli hududga kirmagan.

Pekinda yangrayotgan bayonotga ko'ra ham, Xitoy Mudofaa vazirligi dron qaytarilganidan mamnun va tomonlar do'stona muloqotni davom ettirish niyatida.

Biroq Pekin nimadan norozi ekanini ham qayd etmoqda: AQSh dengiz floti uning suvlariga juda yaqin joylarda mashqlar olib boradi va bu kuchli xavotirga sabab bo'ladi.

Xavfsizlikni ta'minlash eng muhim maqsad ekan, har qanday notanish vosita nishonga olinadi, deya eslatmoqda Xitoy rasmiylari.

Janubiy Xitoy dengizi bir necha mamlakat orasida talash. Bu hududdan dunyo bozoridagi mahsulotning qariyb yarmi o'tadi va Amerika uchun xalqaro suvlar ochiq va tahdiddan xoli turishi nihoyatda strategik masala.

Bruney, Filippin, Vyetnam va Malayziya bu dengizdagi mineral boyliklarga ega ekanini da'vo qiladi, shuningdek, Xitoyni o'zini asosiy xo'jayindek tutib, baliqchilikni cheklayotganlikda ayblaydi.

Vashington tarafkashlik qilmoqchi emas, lekin yuqorida tilga olingan davlatlar uning siyosiy sheriklari. Obama ma'muriyati nazarida Xitoyning bu suvlarda ortiqcha vahima uyg'otishga, ayniqsa, o'z harbiy flotini kengaytirib, qo'shnilarga do'q qilishga haqqi yo'q.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG