Xitoy Yevropa tomon Ipak yo'lini tiklamoqda

  • Amerika Ovozi

Xitoydan Londonga borgan ilk yuk poyezdi

O’tgan hafta Londonga Xitoydan ilk bor yuk poyezdi keldi. Bunga 18 kun ketdi, 28 ming kilometr masofa bosib o’tildi. Uy jihozlari, kiyim-kechak, mato, sumka va chamadonlar yuklangan poyezd Qozog’iston, Rossiya, Belarus, Polsha, Germaniya, Belgiya, Fransiya hududlaridan yurib, La-Mansh ostidagi tunnel orqali Angliyaga kirdi.

“Poyezd bu masofani kemaga qaraganda ikki marta tez bosib o’tadi, yuk samolyotiga qaraganda arzonroq, havoni 20 karra kamroq iflos qiladi”, - deydi transport sohasi bo’yicha faol Filippa Edmunds.

Xitoydan Britaniyaga borgan bu ilk tarixiy poyezd nafaqat iqtisodiy, balki siyosiy ahamiyatga ham ega – Pekin yangi savdo yo’llari, yangi bozorlarni kashf etmoqda. Xitoyning “Bir kamar, bir yo’l” siyosati doirasida Yevropaning 15 shahriga temir yo’l orqali yuk tashilmoqda.

“Xitoy ichki bozori turib qolgan. Xitoyliklar yangi bozorlar qidirish bilan ovora. Temir yo’l orqali savdoni rivojlantirish ham mahalliy ishlab chiqaruvchilarga qo’l kelmoqda, ham Xitoyda biznes qilishga ishonchni kuchaytirmoqda”, - deydi iqtisodchi Ji Yu.

Davosdagi xalqaro forumga ilk bor tashrif buyurgan Xitoy rahbari erkin savdo va globalizatsiya foydasi haqida gapirdi.

“Proteksionizm bu o’zini qorong’i xonada qulflab olishday gapdir. To’g’ri, bunday xonaga yomg’ir ham, shamol ham kirmaydi, ammo u yerdagi odam quyosh nuri va toza havodan ham bebahra qoladi”, - dedi Si Zinpin Shveysariyadagi chiqishida.

Xitoyni Amerikaning iqtisodiy manfaatlariga zarar yetkazayotganlikda ayblayotgan AQShning yangi Prezidenti Donald Tramp globalizatsiya jarayonlariga shubha bilan qaraydi.

Iqtisodchi Ji Yuning aytishicha, bu Xitoy uchun imkoniyat, chunki Amerika global iqtisodiy liderlikdan voz kechsa, Pekin uning o’rnini egallashga tayyor ekanini Davosda namoyish qildi.

Globalizatsiyaga qarshi kayfiyat Yevropada kuchayishiga qaramay, AQShning kutilayotgan izolyatsionizmi Yevropa va Xitoyni savdo bobida bir-biriga yaqinlashtirishi mumkinmi?

“Xitoy va Yevropaning erkin bozorga munosabatida katta farqlar borligini unutmaslik kerak. Ikki o’rtada bu borada ko’p yillardan buyon g’oyalar urushi ketmoqda. Bir kunda hal bo’ladigan masalamas bu”, - deydi Yu.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG