Breaking News

AQSh Xitoyni Afrikada xavfli harakatlarda ayblamoqda


Xitoyning Jibutidagi harbiy bazasi
Xitoyning Jibutidagi harbiy bazasi

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi Jibutidagi harbiy bazasi yonidan uchib o’tgan AQSh harbiy samolyotini lazer bilan nishonga olgani haqidagi Pentagon ayblovlarini inkor etmoqda.

Lazer nurlaridan odatda ko’zni qamashtirish uchun foydalaniladi. AQSh Mudofaa vazirligiga ko’ra, Xitoyning Jibutidagi harbiy bazasi yonida kimdir ana shu tariqa AQSh harbiy samolyotlari parvozlariga halaqit berib kelmoqda.

“Bunday harakatlar harbiylarimiz hayotini xavf ostiga qo’ymoqda. Xitoy hukumatiga rasmiy norozilik bildirdik va bunday holatlarni tergov qilishni so’radik”, - deydi Pentagon matbuot kotibasi Dana Uayt.

Xitoy tergov qilganini aytmoqda.

“Sinchkov tekshiruvdan so’ng Amerika da’volarining assosiz ekani aniqlandi”, - deydi Xitoy Tashqi ishlar vazirligi vakili.

Afrikaning mitti davlatida AQSh va Xitoy harbiy bazalari joylashgan. Amerikanikida salkam 4000 harbiy xizmat qiladi, baza terrorga qarshi kurash maqsadida tashkil etilgan. Undan bir necha kilometr narida esa Xitoyning xorijdagi ilk harbiy bazasi faoliyat yuritadi.

AQSh va Xitoy qurolli kuchlari Janubiy Xitoy dengizida ham raqobatlashadi. Amerikaning harbiy kemalari Xitoy yaratgan sun’iy orollar yonidan o’tib turadi.

“Xitoy Janubiy Xitoy dengizida harbiy istehkomlar bunyod etmoqda. Bundan xavotirdamiz va Xitoyga tashvishlarimizni yetkazganmiz. Buning qisqa va uzoq muddatli oqibatlari bor”, - deydi Oq uy matbuot kotibasi Sara Xakkabi Sanders.

So’nggi paytlarda ikki mamlakat o’rtasida nafaqat harbiy, balki savdo sohasida ham aloqalar taranglashmoqda. Prezident Donald Tramp ayrim Xitoy mahsulotlariga tariflarni joriy etib, kelajakda ularni ko’paytirmoqchi. Ikki mamlakat savdo urushi yoqasida turibdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG