Breaking News

Xitoyda uyg'urlarga qarshi zug'um kuchaymoqda


Qashg'ar, Xitoy
Qashg'ar, Xitoy

Bu AQSh hukumati siyosatini aks ettirgan maqola.

Xitoy hukumati Shinjon-Uyg’ur muxtor viloyatida yashovchi musulmon uyg’urlarni ta’qib qilish va jazolash maqsadida favqulodda choralar ko’rmoqda. Hukumat dindor uyg’urlarga qarshi zug’umni oqlarkan, “uch zulm”ga qarshi kurashayotganini aytadi. Bular etnik bo’lginchilik, diniy ekstremizm va zo’ravon terrorizm.

Hukumat Shinjonda diniy ekstremizmga qarshi kurash doirasida uyg’urlar harakatini yaqindan kuzatishda va cheklashda davom etmoqda, ular bilan tarbiyaviy soatlar o’tkazmoqda, minglab odamlarni qayta tarbiyalash lagerlariga jo’natmoqda.

Matbuotdagi xabarlarga qaraganda, viloyat poytaxti Urumchida kuzatuv ishlari keng yo’lga qo’yilgan. Temiryo’l stansiyalarida maxsus skannerlar o’rnatilgan nazorat punktlari ishlaydi, shaharga kirishda va chiqishda ham shunday. Politsiya uyali telefonlarni tekshirishga, ichidagi xatlarni o’qishga, programmalarni ko’rishga odatlangan.

Chen Tsuanguo Shinjon Kommunistik partiyasiga kotib etib tayinlanganidan beri hududda politsiyachilar ko’paydi. O’tgan yili politsiya idoralari uyg’urlarni sinchkovliroq tekshirish maqsadida qo’shimcha ilg’or texnologiya buyurtirdi.

Hukumat suhbat paytida xorijdagi tanishlari va oila a’zolari, namoz o’qish odatlari haqida so’roq qilib, uyg’urlardan qo’shimcha ma’lumot to’plamoqda.

2017-yil boshidan beri Shinjondan ko’plab uyg’urlar sirli ravishda g’oyib bo’ldi. O’n minglab odamlar uylariga qaytib bormadi. Ba’zilari hibsxonalarga, ba’zilari vatanparvarlik ruhida qayta tarbiyalash lagerlariga yuborilgan bo’lishi mumkin. Ayniqsa xorijda o’qigan uyg’urlar ko’p azob chekmoqda.

Xitoy hukumati xorijdagi uyg’urlarni mamlakatga majburan qaytarish harakatiga zo’r bermoqda. Bundaylarning aksariyati diniy sabablarga ko’ra ta’qiblarni asos sifatida ko’rsatib, xorijda siyosiy boshpana so’ragan. Ular orasida ko’plab talabalar ham bor.

AQSh Davlat kotibi Reks Tillerson Xitoyda uyg’urlarning e’tiqod erkinligi yanada cheklangani haqida bir necha bor so’zlagan. Davlat departamentining inson huquqlariga doir yillik hisobotida ham uyg’urlarning so’z, harakatlanish, uyushish erkinligi cheklangani haqida aytiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG