Breaking News

AQShda maxfiy hujjatlarni yaxshiroq himoya qilish mavzusi muhokamada


AQSh Adliya vazirligi mamlakatning amaldagi va sobiq rahbarlarini maxfiy hujjatlar bilan ehtiyotsizlik bilan muomala qilish gumoniga doir ishlarni tergov qilyapti. Mutaxassislar nega bu qadar ko’p rasmiy hujjatlar maxfiy ekanini savol ostiga qo’yar ekan, ularni qanday saqlash kerakligi muhokama etilmoqda.

Xalqaro hayot - 27-yanvar, 2023-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:41 0:00

Vashington shahridagi Xalqaro josuslik muzeyiga kirgan har bir odam o’tmishdagi maxfiy hujjatlar bilan yaqindan tanishib chiqishi mumkin. Hujjatlar dushman qo’liga tushsa qay darajada zarar yetkazishi mumkinligiga qarab “o’ta maxfiy”, “maxfiy”, “konfidensial” kabi turlarga bo’linadi.

“Maxfiy yashirin amaliyot, AQSh tashqi siyosati, Amerika harbiylari safarbarligiga oid ma’lumotlar bo’lishi mumkin. Odatda doim milliy xavfsizlikka aloqador bo’ladi”, - deydi tarixchi Endryu Xammond.

Unga ko’ra, AQShda 18 ta razvedka idorasi mana shu turdagi ma’lumotlarni to’plash, tahlil qilish va tarqatishga mas’uldir.

Nisbatan oz sonli odamlargina “o’ta maxfiy” hujjatlar bilan tanishish vakolatiga ega. Bunday hujjatlarni “SKIF” deb ataluvchi maxsus xavfsiz joylardagina o’qish shart.

“Ish joyingizda o’tirib o’qiy olmaysiz ularni. Quloqqa chalintirmaydigan SKIFlarga borib o’qish kerak. Tekshiruv va xavfsizlikning har xil ko’plab darajalari mavjud”, - deydi mutaxassis.

SKIFlar seyf kabi bo’lib, ularni jamoatchlikka ko’rsatish va ish uslubi haqida ma’lumot tarqatish ham mumkin emas.

Biroq so’nggi voqealar shuni ko’rsatmoqdaki, maxfiy hujjatlar doim ham rasmiy va o’ta xavfsiz joylarda saqlanmaydi. Maxsus prokurorlar shu kunlarda Prezident Jo Bayden va mamlakatni undan oldin boshqargan Donald Tramp ayrim nozik hujjatlarni maxsus ruxsatsiz olib chiqqanini tergov qilmoqda.

Bunday vaziyat maxfiy hujjatlarni tartibga solish tizimlarini yaxshilashni taqozo etadi, deydi nodavlat Milliy xavfsizlik arxivining katta tahlilchisi Maykl Evans.

“Ma’lumotlar bazasi shunday bo’lishi kerakki, unda hujjatlarning nomi, yaratilgan sanasi, mavsuzi, muallifiga doir barcha metama’lumotlar bo’lishi zarur. Shundagina hujjat yo’qolmaydi yoki yo’qolish yohud olib chiqilish ehtimoli kamroq bo’ladi”, - deydi Evans.

Shu bilan birga, tahlilchi kattaroq shaffoflikka chaqiradi.

“Hukumat maxfiy bo’lishi shart bo’lmagan narsalarni sir saqlashga ko’p resurs va vaqt sarflaydi”, - deydi u.

2009-yilda sobiq prezident Barak Obama hujjatlarni ortiqcha maxfiylashtirishni kamaytirishga doir farmon imzoladi. Prezident Bayden paytida 2001-yil 11-sentabr xurujlariga doir tergovga oid hujjatlardan maxfiylik belgisi olib tashlandi.

Biroq, deydi tahlilchi Evans, ma’lumotlarni almashish jarayonini yaxshilash va tezlashtirish hanuz muammo. Uning nazarida, bu ish to’g’ri yo’lga qo’yilsa, mamlakat xavfsizroq bo’ladi.

Shu hafta sobiq vitse-prezident Mayk Pensning uyidan ham maxfiy hujjatlar chiqqani ma’lum bo’ldi. Uning yuristi hujjatlar FBRga topshirilganini aytdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG