Breaking News

Polshada iqlim o'zgarishiga doir xalqaro anjuman ish boshladi


Polshaning ko’mir sanoati rivojlangan Katovitse shahrida iqlim o’zgarishiga doir xalqaro anjuman ish boshladi. Ba’zi mutaxassislarning xulosa qilishicha, iqlim o’zgarishiga doir jarayonlar dunyo bo’ylab kuzatilmoqda, ba’zilarini to’xtatib bo’lmaydi hatto. Iqlim o’zgarishiga sabab bo’layotgan omillarni bartaraf etish, atmosfera ifloslanishini kamaytirish xususida umumiy kelishuvga erishish qiyin kechyapti.

Polshadagi anjumandan oldin o’n minglab namoyishchilar Bryussel ko’chalaridan yurib, iqlim o’zgarishiga qarshi kurashda xalqaro hamjamiyatni birdamlikka chaqirdi.

“Siyosiy rahbarlarga bosim qo’yib, iqlim o’zgarishini cheklash hamda atrof-muhit himoyasi yo’lida choralar qabul qilish uchun aniq qadamlar qo’yishga undayapmiz”, - deydi namoyishchilardan biri.

Parijda ham namoyish bo’lgan, biroq bu gal hukumatning ekologik siyosatiga qarshilar ko’chaga chiqqan. Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron atrof-muhit muhofazasini ustuvor yo’nalish deb belgilagan bo’lsa-da, toza energiyaga o’tish aholiga qimmatga tushmoqda. Odamlar benzin va dizel yoqilg’iga qo’yilgan soliqlarni bekor qilishni talab qilyapti. Namoyishchilar politsiya bilan to’qnashib, 250 dan ziyod odam jarohatlangan, yuzlab kishi hibsga olingan.

Atrof-muhit muhofazachilari nazarida, namoyishchilarning iqlim o’zgarishi oqibatlari haqida ma’lumoti kam.

“Ozchilikdagi boylar, zavod-fabrikalarga egalik qilayotgan dunyo aholisining bir foizi ma’naviyatsizlikka qo’l urmoqda. Ularga nima, pullari ko’p. Afrika va Osiyodagi dehqonlar bilan ishlari yo’q. Iqlim o’zgarishi natijasida suv sathi ko’tarilsa, bu dehqonlarning dalalari suv ostida qolib ketadi”, - deydi bryussellik namoyishchilardan biri.

BMT homiyligida o’tayotgan Katovitsedagi ikki haftalik anjumanda 200 ga yaqin davlat rahbari ishtirok etmoqda. Iqlim bo’yicha Parij bitimidan chiqqan AQSh rahbari tadbirda yo’q. Donald Tramp iqlim o’zgarishi inson faoliyati mahsuli ekaniga ishonmasligini aytib keladi.

“Ba’zi mamlakatlarda iqlim o’zgarishi sanoatlarning yopilishiga, ish o’rinlarining yo’qotilishiga sabab bo’ladi, deydi. Ammo yangilanadigan energiya sanoati ham millionlab ish o’rinlarining yaratilishiga olib keladi”, - deydi BMT Bosh assambleyasi prezidenti Mariya Espinoza.

Katovitse anjumanida 2015-yilda imzolangan Parij bitimida kelishilgan choralar ijrosi ko’rilmoqda. Olimlarning aytishicha, global iqlimning iliqlashishi natijasida dengiz suvlari hamda havo harorati ko’tarilmoqda, ba’zi jarayonlarni ortga qaytarib bo’lmaydi, qurg’oqchilik, yong’inlar, toshqinlar oqibatida Yer kurrasining ba’zi joylari hayot uchun imkonsiz bo’lib qoladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG