AQSh Davlat kotibi Xillari Klinton Davlat departamentidagi chiqishida Qirg'izistondagi voqealarga to'xtalib, etnik zo'ravonliklarga aybdorlarni aniqlashda ehtiyot bo'lishga chaqirdi.
Xillari Klinton deydiki, Qo'shma Shtatlar Qirg'iziston muvaqqat hukumatini qo'llab-quvvatlaydi.
Uning aytishicha, xunrezliklarni sobiq prezident Qurmanbek Bakiyev tarafdorlari va qirg'iz xavfsizlik kuchlari sodir etgani haqidagi da'volarni jiddiy qabul qilish kerak.
Ayni damdagi dolzarb masala, deydi Klinton, muvaqqat hukumatga kerakli yordamni berib, Qirg'iziston janubida aziyat chekayotgan va O'zbekiston chegara hududidan boshpana topgan odamlar uchun gumanitar yordamni tezlashtirish lozim.
Xunrezliklarga guvoh bo'lgan o'zbeklar qirg'iz xavfsizlik kuchlari tomonidan etnik tozalash bo'lgan desa, Xillari Klinton to'qnashuv sabablarini sinchkovlik bilan o'rganmay turib, xulosa chiqarmaslikka chaqirmoqda.
"Vaziyat juda murakkab. Muvaqqat hukumatga tartibni tiklashda, chegaralarini ochgan O'zbekiston hukumatiga esa qochqinlarga gumanitar yordam yetkazishda madad kerak", - deydi Klinton.
Kecha AQSh davlat kotibi Qirg'iziston muvaqqat rahbari Roza Otunbayeva va O'zbekiston prezidenti Islom Karimov bilan telefon orqali muloqot qilgan.
Klinton bilan Vashingtonda uchrashgan Daniya Tashqi ishlar vaziri Len Espersenning aytishicha, Qirg'iziston janubida zo'ravonliklar, jinsiy tajovuz va qotilliklar bo'yicha da'volarni o'rganish uchun Yevropa Ittifoqi maxsus vakil Pyer Morelni mintaqaga yuboradi.