Breaking News

Klinton Osiyo davlatlari anjumanida qatnashib, Shimoliy Koreyani tanqid qildi


Amerika Tashqi ishlar vazirasi Xillari Klinton nazarida, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi tinchini buzayotgan ikki davlat bu - Shimoliy Koreya va Birma.

Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasi, ASEAN sammitida qatnashayotgan Klintonning aytishicha, Shimoliy Koreya provokatsion va qaltis hatti-harakatlari bilan o’zini hammadan yakkalab qo’ymoqda.

ASEAN yig’ilishi Vietnam poytaxti Xanoyda, mintaqaning 26 davlati hamda Yevropa Ittifoqi vakillari ishtirokida o’tyapti. Xavfsizlik, Birmadagi saylovlar va huquq ahvoli va Shimoliy Koreya - kun tartibidagi bosh mavzular.

Yig’ilish oldidan Janubiy Koreyada bo’lgan Xillari Klinton AQSh rasmiy Pxenyanga yangi sanksiya qo’yishini e’lon qildi. Jazo chorasi mamlakatga yadro dasturini rivojlantirish uchun zarur mahsulotlar olib kirishni qiyinshlashtiradi.

“Shimoliy Koreya siyosatini o’zgartirmas ekan, mintaqa notinch bo’lib qolaveradi”, - deydi Klinton anjuman qatnashchilariga murojaatida.

Kommunist tuzumga ogohlantirish sifatida AQSh va Janubiy Koreya harbiy mashqlar boshlamoqda. Har ikki davlat yil boshida 46 dengizchi hayotiga zomin bo’lgan kema halokatida Pxenyanni ayblab keladi.

ASEAN anjumanida qatnashayotgan Shimoliy Koreya rasmiylari harbiy mashqlarni bekor qilishni talab qilgan.

Xillari Klintonning ta’kidlashicha, AQShning Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari bilan aloqalari mustahkam. “Hamkorlik umum-manfaatlar asosida qurilgan”, - deydi u.

Mintaqada faollikni oshirish siyosati doirasida, Obama ma’muriyati Birmadagi harbiy hukumat bilan ham gaplashmoqda. O’tgan bir yil ichida AQSh diplomatlari mamlakatga bir necha bor tashrif buyurdi. Biroq Birmaga qo’yilgan sanksiyalar olib tashlangani yo’q.

Klinton Birma o’z yadro dasturini boshlashda Shimoliy Koreyadan yordam olayotgani haqidagi xabarlar yuzasidan tashvish bildirgan. Shuningdek, harbiy xuntani yaqinlashayotgan saylovlar adolatli o’tishini ta’minlashga chaqirmoqda.

Qator avtoritar tuzumlar a’zo ASEAN tashkiloti chiqargan bayonotda faqatgina Koreya yarim orolidagi taranglik, Janubiy Koreya kemasining cho’kishi ziddiyatlarni kuchaytirgani tilga olinadi.

Tashkilotga Bruney, Birma, Kambodja, Indoneziya, Laos, Malayziya, Fillippin, Singapur, Tayland va Vietnam a’zo.

XS
SM
MD
LG