Breaking News

Jo Bayden prezidentlik poygasiga qo'shiladimi?


Saylov-2016: Jo Bayden nomzod?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:02 0:00

AQSh Vitse-prezidenti Jo Bayden Oq uyga harakat qiladimi? Demokratlar yulduzi Xillari Klinton so’rovlarda biroz orqada qolayotgani sabab hozir barchaning e’tibori Baydenda.

Murakkab bir siyosiy sharoitda kampaniya olib borayotgan Hillari Klinton so’nggi haftalarda strategiyani o’zgartirishga majbur bo’ldi.

Klinton xonim tashqi ishlar vaziri bo’lib ishlagan davrda uyda o’rnatilgan shaxsiy elektron pochtasidan foydalangani uchun ilk bor uzr so’radi.

“Elektron pochtani ikkiga ajratishim kerak edi - biri shaxsiy, biri ish uchun. Xatoni tan olib, uzr so’rayman. Barcha savollarga javob berishga harakat qilayapman”, - deydi sobiq bosh diplomat.

Klinton savolga tutilayotgan bir paytda, Vitse-prezident Jo Baydenning poygaga kirish-kirmasligi barchaning diqqat-markazida.

Uni saylovda qatnashishga undashmoqda, ammo vitse-prezident yaqinda vafot etgan o’g’lining o’limidan o’ziga kelgani yo’q.

Atlanta shahrida qilgan nutqida Bayden nomzodlik to’g’risida bir qarorga kelmaganini aytdi.

“Prezidentlikka harakat qilgan odam butun qalbini, vujudini shu ishga bag’ishlashi lozim. Amerika xalqiga shunday yo’lboshchi bo’la olaman, deb ayta olishim kerak”, - deydi Bayden.

Tahlilchilarga ko’ra, Jo Bayden prezidentlik poygasiga qo’shilsa Klintonga jiddiy raqib bo’ladi. Buning ustiga, senator Berni Sanders oxirgi payt oldinlab ketdi. Sanders olg’a surayotgan iqtisodiy reja liberal demokratlarga juda ma’qul.

“Yetar. AQSh iqtisodiyoti faqat boylar uchun xizmat qilmasligi kerak”, - deydi senator.

Erta ovoz beradigan shtatlar, jumladan, Nyu-Gempshir va Ayovada, Sanders reytinglarda Klintonga yetib oldi.

Lekin askar demokratlar Sanders g’alaba qilishiga ishonmaydi, deydi tahlilchi Styuart Rotenberg.

“Klinton elektron pochtasi bilan bog’liq janjalni yaxshi eplamadi. Shunga qaramasdan, ashaddiy tarafdorlari uni tark etmaydi. Albatta, Jo Bayden jiddiy raqib bo’lib maydonga chiqishi mumkin”, - deydi suhbatdosh.

Klinton AQShning birinchi ayol prezidenti bo’lishga intilayotgani - demokratlarni bir yoqadan bosh chiqarishga undayotgan omillardan.

“Yirik partiyadan ilk bor ayol kishi prezidentlikka nomzod bo’lib chiqishi, Qo’shma Shtatlar ilk ayol rahbarni saylashi demokratik guruhlar uchun juda muhim”, - deydi Rotenberg.

Demokrat da’vogarlar o’rtasida ilk teledebat 13-oktabrda o’tadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG