Klinton saylovdagi mag'lubiyatida FBR, Vikiliks va Rossiyani aybladi

  • Amerika Ovozi

Demokratlar partiyasidan prezidentlikka sobiq nomzod Xillari Klinton 2016-yil noyabrida o’tgan saylovda mag’lub bo’lganidan beri ilk bor intervyu berdi. Klinton o’z mag’lubiyatida Rossiya va Federal qidiruv byurosi direktori Jeyms Komini ayblaydi. Unga ko’ra, ularning harakatlari Donald Trampning saylanishiga sabab bo’ldi.

Klintonning CNN telekompaniyasiga aytishicha, agar saylov 8-noyabr emas, 27-oktabr kuni o’tkazilganida edi, Amerikada ilk ayol prezident bo’lardi.

"Jim Komining 28-oktabr kuni chop etilgan xati va rus Vikiliksining ma’lumotlari menga ovoz bermoqchi bo’lgan odamlar ongida shubha uyg’otdi, ularni cho’chitdi”, - dedi Klinton.

FBR direktori Klinton davlat kotibi bo’lgan mahal rasmiy elektron maktublarni xususiy serverda olib borgani haqidagi tergovni qayta ochishni buyurgan. Klintonga rasman ayblov qo’yilmadi, ammo o’sha paytgacha so’rovlarda oldinda ketayotgan nomzod reytingiga jiddiy zarba bo’ldi.

Yanvar oyida esa AQSh razvedka xizmatlari Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Klintonning saylanishiga halaqit berishni, Trampga saylovda g’olib bo’lishda yordam berishni buyurgan, degan xulosa bilan chiqdi.

Sobiq senator va davlat kotibi siyosiy hayotga qaytganini aytib, Shimoliy Koreya yadro tahdidi xususida fikr bildirdi. Unga ko’ra, bu muammoni bartaraf etishda yolg’iz harbiy kuchga tayanmaslik kerak – diplomatiya va iqtisodiy bosim ham AQSh manfaatlarini himoya qilishda muhim vositalardir.

"Shimoliy Koreyada barcha rahbarlar o’z mavqeini oshirish uchun Amerika bilan to’g’ridan-to’g’ri muloqot qilishga qiziqqan, ammo biz bu ishga ehtiyotkorlik bilan yondashishimiz kerak. Agar Xitoy, Yaponiya, Rossiya, Janubiy Koreya Pxenyanga bosim qo’yib, uni haqiqiy o’zgarishlarga yetaklovchi muzokaralarga jalb qilisha olmasa, bunday muloqotdan foyda bo’lmaydi", - dedi Klinton.

Sobiq davlat kotibi ayni damda siyosiy tajribasi va o’tgan saylovlar haqida kitob yozayotganini aytdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG