AQSh qonunchilari Bayden ma’muriyatining Tinch okeani bo‘yidagi uchta orol davlat bilan 20 yillik shartnomalarni yangilash taklifini o’rganmoqda. Bundan maqsad Xitoyning mintaqadagi ta’sirini cheklash.
"Kelishuvlar ushbu mamlakatlarda bizga yerda, suvda va havoda harakatlanish imkonini beradi”, - deydi AQSh bosh muzokarachisi Jozef Yun.
U Kongressdan Mikroneziya, Palau va Marshall orollari uchun kelasi 20 yilda 7,1 milliard dollar miqdorida iqtisodiy yordam ajratishni so’ramoqda. Hozirgi kelishuv 30-sentabr kuni kuchini yo’qotadi.
“Bitim yangilanadi degan umiddaman”, - deydi AQSh mudofaa vazirining sobiq yordamchisi Rendal Shrayver.
U Donald Tramp prezidentiligi paytida Mudofaa vazirligida AQShning Hind va Tinch okeanida xavfsizlik siyosatiga mas’ul bo’lgan.
“Yaponiya, Avstraliya, Janubiy Koreya va Yangi Zelandiya kelishuvni yangilashga ulgurmay qolishimizdan, natijada Xitoy mintaqaga kirib borishidan xavotirda”, - deydi Shrayver.
Masalan, joriy oy boshida Xitoy Solomon orollari bilan huquqni nazorat qilish va xavfsizlik bobida hamkorlikni kuchaytirishga doir bitim imzoladi. Tanqidchilar bu Xitoyga AQShga tegishli Amerika Samoasi hududidan 3000 kilometr narida joylashgan ushbu orol davlatda harbiy faoliyatini boshlashga imkon berishidan xavotirda.
“Amerika manfaatlari va orollar xalqlarini himoya qilishdek burchimiz bor. Buning uchun ular bilan kelishuvlarni yangilash kerak”, - deydi Amerika Samoasining AQSh Kongressidagi vakilasi Aumua Amata.
Muzokaralar chog’ida Palau va Mikroneziya bilan iqtisodiy yordam masalasida dastlabki kelishuvlarga erishildi, ammo Marshall orollari bilan muloqot natija bermayapti. Orol davlat AQShning o’nlab yillar davomidagi yadroviy sinovlaridan ko’rilgan zarar uchun ko’proq pul so’ramoqda.
“Oziq-ovqatimiz zararlangan, yerimiz zararlangan, ota-onam o’lib ketdi – biri o’pka saratonidan, garchi otam hech qachon chekmagan bo’lsa-da”, - deydi Marshall orollari parlamentining spikeri Kennet Kedi.
Ayrim AQSh qonunchilari bitimlarni muhokamasiz va surishtiruvsiz tasdiqlashning salbiy oqibatlari haqida ogohlantiradi.
“Bu moliyaviy mas’uliyatsizlik, ajratilgan pullarning noto’g’ri sarflanishiga olib keladi”, - deydi Vakillar palatasining respublikachi a’zosi Bryus Vesterman.
Biroq boshqa qonunchilar masalaning shoshilinch ekanini va mablag’larni tezkor ajratish muhimligini aytadi.
“Kongress va federal hukumat bunga birday javobgar bo’lishi kerak”, - deydi demokrat Raul Grijalva.
Kongress a’zolari avgust ta’tiliga chiqish arafasida ekan orol davlatlar bilan kelishuvlarni yangilashga bir necha hafta vaqt qolgan.