Breaking News

AQSh qonunchilari hukumatning Venesuela siyosatini tanqid qilmoqda


Oq uyning Venesuela bo’yicha maxsus vakili Elliot Abrams

Dunyodagi o’nlab davlatlar Venesuelada Nikolas Maduroni prezident sifatida tan olmayotganiga qaramay, Maduro dekabrda parlament saylovlarini o’tkazmoqchi.

Xalqaro hayot – 5-avgust, 2020-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:26 0:00

AQSh qonunchilari Oq uyning Venesuela bo’yicha maxsus vakili Elliot Abramsni Senatdagi tinglovda savolga tutdi. Abrams saylovlarga qarshi ekanini, muxolifat yetakchisi Xuan Guaydo jarayonni boykot qilishga chaqirganini aytdi.

“Maduro Milliy saylov kengashi va yirik siyosiy partiyalarni qo’lga olganidan so’ng dekabrdagi soxta saylovlar orqali Milliy kengashni o’z nazoratiga olmoqchi ekani oshkor bo’ldi”, - dedi Abrams.

2019-yilda AQSh va yana 50 dan ortiq mamlakat Xuan Guaydoni qonuniy prezident sifatida tan olib, Madurodan hokimiyatni topshirishni talab qilgan. Amaldagi rahbarni Rossiya, Xitoy, Kuba va Eron kabi davlatlar qo’llab-quvvatlamoqda.

Demokratik partiyadan senator Kris Myorfi Abramsni AQShning Venesuela bo’yicha siyosati muvaffaqiyatsizlikka uchraganini tan olishga chaqirdi.

“Tan olishimiz kerakki, bizning katta o’yinimiz, ya’ni Guaydoni darrov prezident sifatida tan olib, so’ng mamlakatga sanksiyalar qo’yganimiz ish bermadi. Aksincha, bunday siyosat Rossiya va Kubaga Venesuelada faol bo’lishga, Maduroga Guaydoni Amerikaning qo’g’irchog’i deb obro’sini to’kishga imkon berdi. Ko’plarimiz shunday bo’lishi haqida ogohlantirgan edik”, - dedi Myorfi.

Respublikachi senator Mitt Romni Xitoy va Rossiyaning Venesueladagi roliga norozilik bildirdi.

“Nahotki biz siz aytganingizdek Maduroga uncha sodiq bo’lmagan bu ikki davlatni chekinishga majbur qilish uchun yumshoq kuchni ishga solishda shunchalik ojizlik qilsak?” – deya so’radi qonunchi.

“Harakatlarimiz hozircha ish bermadi. Mening fikrimcha, Putin nazarida bu siyosat unga umuman tekinga kelyapti”, - dedi Abrams.

Millionlab venesuelaliklar mamlakatni nochorlikdan tark etarkan, senator Bob Menendes Tramp ma’muriyatini ularga yordam bermayotganlikda aybladi.

“Boshqa mamlakatlar millionlab venesuelaliklarga boshpana berayotgan bir paytda Tramp ma’muriyati AQShdagi salkam 200 ming venesuelalikka vaqtincha maqom berish iltimoslarimni yerda qoldirib keldi, chegaramizga kelib siyosiy boshpana so’rayotgan venesuelaliklarni qaytarib yuboryapti”, - dedi demokrat qonunchi.

Jahon oziq-ovqat dasturiga ko’ra, Venesuela aholisining uchdan biri oziq-ovqat kamomadi bilan yuzlashmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG