Breaking News

AQSh Kongressida Markaziy Osiyo bo'yicha tinglov


People walk by the U.S. Capitol in Washington, Jan. 21, 2018.

Inson huquqlari himoyasi bilan shug’ullanuvchi xalqaro “Human Rights Watch” tashkiloti 2010-yildan beri O’zbekistonda ishlay olmas, uning Markaziy Osiyo bo’yicha tadqiqotchisi Stiv Sverdlov mamlakatga kira olmas edi, O’zbekistondagi ahvolni qo’shni Qirg’izistondan turib yoritardi. Islom Karimov o’limidan so’ng Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka saylangach, “Human Rights Watch” bilan aloqalar jonlandi. Tashkilot respublikada ishlash uchun hamon vakolatga ega emas, ammo uning vakili endi viza olishda qiynalmayapti.

AQSh Kongressida Markaziy Osiyo bo'yicha tinglov
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:59 0:00

Yaqinda O’zbekistonda bo’lib qaytgan Stiv Sverdlov Kongress tinglovida mamlakatda inson huquqlari bilan bog’liq vaziyat xususida fikr bildirdi.

“Shavkat Mirziyoyev davlat boshqaruvini qo’lga olganidan beri 30 ga yaqin siyosiy mahbus ozod etildi, so’z erkinligiga qo’yilgan cheklovlar yumshadi, 16 ming odam xavfsizlik idoralari “qora ro’yxati”dan olib tashlandi, paxta dalalarida majburiy mehnat cheklandi, davlat idoralarining xalq oldida javobgarlik hissi oshirilmoqda”, - dedi Sverdlov.

Shu bilan birga, deydi mutaxassis, inson huquqlari bobida muammolar talaygina. Sverdlov AQSh hukumatini O’zbekiston bilan muloqotni kuchaytirish orqali bu muammolarni hal etishda yordam berishga, Amerikaning ta’lim almashinuv dasturlarini kengaytirishga, texnik ko’makni oshirishga chaqiradi.

“Prezident matbuotni dolzarb ijtimoiy muammolarni kengroq yoritishga chaqirayotganiga qaramay, matbuotning katta qismi davlat nazorati ostida, senzura hali ham odatiy hol, o’tgan oy internetda bir nechta saytga kirish imkoni bo’lmadi – kun.uz, xabar.uz, qalampir.uz. “Amerika Ovozi” muxbiriga akkreditatsiya berilgani bilan BBC va “Ozodlik” radiosi bunday imkoniyatdan mahrum”, - dedi Sverdlov.

Bunday imkoniyatdan “Human Rights Watch” tashkilotining o’zi ham mahrum. Respublikada rasman ish boshlash haqida aniq bir gap yo’q, deydi guruh vakili.

“Human Rights Watch” tashkilotining O’zbekistondagi maqomi xususida rasmiylar bilan ko’p muloqot qilyapmiz. Ammo hozircha Oliy sudning guruhimiz bo’yicha 2011-yilda qabul qilingan qarori hali ham kuchda, ya’ni biz hanuz faoliyati man qilingan tashkilotmiz. Qarorni bekor qilishga chaqiryapmiz. Adliya vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, boshqa idoralar bilan muloqotdamiz. Umid qilamizki, to’siq olib tashlanib, “Human Rights Watch” ro’yxatga olinadi. Bu boshqa tashkilotlarga ijobiy signal bo’lar edi – “O’zbekiston muhim xalqaro tashkilotlar faoliyati uchun ochiq” degan. So’nggi qonunga ko’ra nodavlat tashkilotlarni ro’yxatga olish jarayoni ancha soddalashtirilgan, ammo buni endi amalda ko’rishimiz kerak”, - dedi Sverdlov.

Uning aytishicha, Qo’shma Shtatlar O’zbekistonda qiynoqlarga solish amaliyotiga qarshi kampaniyani, din erkinligiga doir siyosatni, majburiy mehnatni to’xtatishga qaratilgan choralarni yaqindan kuzatib borishi kerak.

“Prezident Mirziyoyev o’tgan yili BMT Bosh Assambleyasi sessiyasida majburiy mehnatni bekor qilishga va’da berganiga qaramay, paxta terimi mavsumi boshida davlat xizmatchilarini paxta terishga jalb etishni man qiluvchi hukumat qaroriga qaramay, salkam 300 ming odam dalaga majburan olib chiqildi”, - dedi "Human Rights Watch" vakili.

Tinglovda Stiv Sverdlov va “Markaziy Osiyo-Kavkaz” instituti raisi Frederik Starr o’rtasida kichik bahs yuzaga keldi. Starrning aytishicha, mamlakatlarni nuqul tanqid qilishdan foyda yo’q, muloqotni yo’lga qo’yish kerak.

“Janob Sverdlov bosimga katta urg’u bermoqda va undan foyda borligini e’tirof etmoqda. To’g’ri, bosim ish berishi mumkin, ba’zida shunday. Biroq AQSh hukumati maqsadga erishishda bosimni yagona qurol deb biladi. Men boshqa qurolni ham ishga solishni taklif etyapman – hamkorlik va muloqotni”, - dedi Starr.

Siyosatshunos “O’zbekistonning yangi yuzi” deb nomlangan kitobini tanishtirish uchun yaqinda O’zbekistonda bo’lib qaytdi.

“Odamlar islohotlar jiddiy ekanini, yangi imkoniyatlar tug’ilayotganini va ulardan foydalanish kerakligini anglamoqda. Men taniydigan ayrim rasmiylarning kayfiyati baland ekanini ta’kidlab o’tmoqchiman. Agar bo’layotgan jarayonlardan xavotirga sabab bo’lganda edi, ular albatta men bilan o’rtoqlashgan bo’lar edi. Yana bir quvonarli hol shuki, mintaqa yoshlari bir-birini tanimoqda. Besh yil oldin O’zbekistondagi biror universitetga borib, talabalardan qo’shni mamlakatlar poytaxtida bo’lganmisiz deb so’rasangiz, ozchilik “ha” deb javob bergan bo’lardi. Sovet paytida ularning ota-onalari mamlakatni ko’p kezgan, yosh avlod esa bir-birini tanimay kelayotgan edi. Ammo so’nggi paytda keskin burilish yuz berdi. Yoshlar, ayniqsa, tadbirkorlar ko’p sayohat qila boshlagan. Albatta, katta o’zgarishlar, islohotlarni 100 foiz amalga oshirish qiyin. Ba’zi sohalarda yutuqlarga tezroq erishiladi, ba’zilarida sekinroq. Muhimi, sabrli bo’lish kerak”, - dedi Starr.

Kongressdagi tinglovga raislik qilgan respublikachi kongressmen Dana Rorabakerning aytishicha, Markaziy Osiyo AQSh iqtisodiy va xavfsizlik manfaatlari uchun muhim mintaqadir.

“So’nggi ikki yildagi jarayonlar Markaziy Osiyodan umidvor bo’lishga imkon bermoqda. O’zbekistonda islohotchi arbob prezident bo’ldi. Qozog’iston BMT Xavfsizlik Kengashidagi prezidentligini tugatdi. O’tgan yili Qirg’izistonda raqobatga boy saylovlar kuzatildi, hokimiyat tinch yo’l bilan almashdi. AQSh bu mamlakatlar bilan hamkorlikni davom ettiradi”, - dedi kongressmen.

Tinglovda qatnashgan yana bir qonunchi, demokrat kongressmen Gregori Miks ekspertlardan Rossiyaning Markaziy Osiyodagi roli haqida so’radi.

“Qozog’iston vakillari bilan suhbatlashganimda ular Rossiya siyosatidan xavotir bildirishdi. Xususan, uning Qrimdagi voqealarga aloqadorligiga ishora qilishdi. Rossiya Markaziy Osiyoda ham etnik va milliy isyonga turtki berishi mumkinmi degan savol tug’iladi menda. Qrim aholisining katta qismi rus millatiga mansub, Qozog’istonda ham aholining salkam 23 foizini ruslar tashkil etadi”.

Frederik Starrning aytishicha, impercha o’tmishini qo’msayotgan Rossiya sog’lom fikr yurita olmayapti, ammo bunday siyosat tarafdorlarining vaqti o’tishi bilan Rossiya o’ziga keladi.

“Markaziy Osiyo davlatlari Rossiyaning bunday siyosatiga qarshi aqlli ish tutdi. Ular Rossiya bilan ijobiy va do’stona aloqada bo’lishni istaymiz, ammo muvozanat uchun Xitoy bilan ham hamkorlik qilamiz, deyishdi. So’ng Rossiya va Xitoy siyosatini muvozanatda saqlash uchun AQSh bilan hamkorlik qila boshlashdi. Biroq Qo’shma Shtatlar bu ishni to’g’ri amalga oshirolmadi. Biz Markaziy Osiyo bilan mintaqa xavfsizligi bobida jiddiy muloqot qilganimiz yo’q. Bu esa Rossiyaning hozirgi siyosatiga sabab bo’lmoqda”, - dedi Starr.

Tinglovga taklif etilgan yana bir ekspert, Demokratiya uchun AQSh Milliy jamg’armasining Yevrosiyo bo’yicha direktori yordamchisi Spaska Gatzinskaning aytishicha, Markaziy Osiyoda katta ta’sir kuchiga ega Rossiya manfaatlariga tahdid yo’q, demak isyonga turtki berishga hojat ham yo’q.

Stiv Sverdlov fikriga ko’ra, Islom Karimov siyosati tufayli O’zbekiston o’zini Rossiyadan mustaqil tutib keldi, bundan keyin ham shunday siyosat davom etadi.

(Quyida tinglovning ingliz tilidagi to'liq shakli. Tinglov 1:43:00 dan boshlanadi)

  • 16x9 Image

    Odil Ruzaliev

    Odil O'zbek xizmatiga 2005-yilda kelgan. Diktor va prodyuser. AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) xalqaro aloqalar sohasida magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekiston TV 1-kanalida ingliz tilidagi yangiliklar – FCN (First Channel News) – ko'rsatuvining muallif-boshlovchisi edi. "Axborot" dasturida mehnat qilgan. Odil ko'p yillar AQShning Toshkentdagi elchixonasi axborot bo'limida ishlagan. O'zbek, ingliz va rus tillarida chop etilgan qator maqolalar muallifi. Farg'ona shahrida tug'ilgan.

    Odil Ruzaliev is a reporter, radio and TV anchor, web editor and producer for Voice of America’s Uzbek Service since 2005. Prior to joining VOA, he worked at the State Radio and TV of Uzbekistan, BBC International’s Central Asia region, and was a regular Contributor for CNN World Report. He has also worked as an Information Assistant at the US Embassy in Tashkent, Uzbekistan. He was the creator and host of the TV program First Channel News, Uzbekistan’s first English language news broadcast. In his spare time he is a freelance photographer. A native of Ferghana Valley, Uzbekistan, Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. In addition, he was an exchange student at Pace University in New York City and holds a master’s degree in international affairs from the Fletcher School of Law and Diplomacy at Tufts University in Medford, Massachusetts.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG