“Amerika Ovozi” muxbiri Greta Van Susteren shu hafta Kongressda roxinjalik qochqinlar taqdiriga bag’ishlangan tinglovda qatnashdi. Kongress Myanma hukumatini g’arbdagi musulmonlarga qarshi etnik tozalashlarda ayblaydi.
Hamkasbimiz yaqinda Bangladeshning Kok-Bazar shahrida joylashgan roxinjalik qochqinlar lagerida bo’lib qaytdi. Uning aytishicha, hududdagi katta yog’ingarchiliklardan so’ng lagerda loydan yasalgan kulbalar qulamoqda, oddiy sanitariya tizimi izdan chiqqan. Yurtidagi zo’ravonliklardan qochgan 800 ming roxinjalik lagerlarda yashashga majbur.
“Bu insonlarni unutib qo’yishgan. Uysiz, vatansiz, ismsiz odamlar”, - deydi Van Susteren.
“Amerika Ovozi” muxbiri AQSh hukumatini roxinjaliklar muammosini hal qilishga chaqirdi.
“Agar ular shu lagerlarda qolib ketsa, iqtisodiy imkoniyatlardan mahrum bo’lishadi, inson savdosi, ekspluatatsiyaga uchrashi, ekstremizm qurbonlariga aylanishi mumkin”, - dedi u.
Myanmaning Rakxayn shtatida yashagan roxinjaliklar 2016-yilda harbiylar tomonidan amalga oshirilgan zo’ravonliklar natijasida o’tgan yozda qo’shni Bangladeshga qochishga majbur bo’ldi. AQSh va BMTning eng so’nggi hisobotlarida Myanma hukumatining ularga nisbatan siyosati etnik tozalash deb tan olindi.
Hukumat bu ayblovlarni inkor etib, roxinjaliklarni ekstremizmda ayblaydi.
Kongressdagi tinglovda qatnashgan yana bir mutaxassis, Xalqaro inqirozlar guruhidan Stiven Pomperning aytishicha, AQSh hukumati roxinjaliklarga qarshi jinoyatlarga qo’l urgan odamlarni jazolashi lozim.
“Kongress qochqinlar lagerlariga bir nechta qonunchini yuborishi kerak. Qo’shma Shtatlar ularga gumanitar yordam berishi, taraqqiyotiga ko’maklashishi zarur”, - dedi Pomper.
Qo’shma Shtatlar roxinjalik qochqinlar ehtiyojlari uchun qo’shimcha 185 million dollar ajratilishi haqida ma’lum qildi. Respublikachi kongressmen Ed Roys Tramp ma’muriyatini Myanmadagi zo’ravonliklarni qoralab chiqqanini olqishladi, biroq demokrat qonunchi Eliot Engel Oq uyni qatliom, insoniyatga qarshi urush jinoyatlarini tergov qilayotgan Xalqaro jinoiy sud mandatini tan olmayotganlikda aybladi.
Facebook Forum